Quddus viloyati ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra Isroil kuchlari chorshanba kuni tongda bosib olingan Sharqiy Quddusning shimolidagi Qalandiya qochqinlar lageri va unga yaqin joylashgan Kafr Aqab shaharchasiga keng ko‘lamli bosqin uyushtirdi. Bosqin davomida komendantlik soati joriy etildi hamda masjidlarda bomdod namozi o‘qilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Viloyat ma’muriyati ketma - ket bergan bayonotlarida Isroil harbiylari hudud bo‘ylab keng miqyosda joylashtirilgani, Kafr Aqabda qat’iy harakat cheklovlari joriy etilgani va Qalandiya lagerida “keng ko‘lamli harbiy hujum” deb ta’riflangan amaliyot boshlanganini ma’lum qildi.
Hibsga olishlar va cheklovlar
Ma’muriyat Isroil kuchlari Qalandiya qochqinlar lageridagi barcha masjidlarda bomdod namozini o‘qishga to‘sqinlik qilgani hamda avvalroq halok bo‘lgan Lays ash - Shavaniyning otasini hibsga olganini bildirdi.
Shuningdek, Anado‘lu axborot agentligi muxbirining xabariga ko‘ra, lager yaqinida Isroil harbiy mashinasi yosh falastinlikni bosib ketgan. Uning ahvoli haqida hozircha aniq ma’lumot yo‘q.
Falastin rasmiylariga ko‘ra 2023 - yilning oktabr oyida G‘azodagi urush boshlanganidan buyon Isroil kuchlari bosib olingan G‘arbiy Sohil, jumladan Sharqiy Quddus bo‘ylab deyarli har kuni bosqinlar uyushtirib, 1 ming 182 nafardan ortiq falastinlikni o‘ldirgan, qariyb 13 ming kishini yaralagan va 24 mingga yaqin kishini hibsga olgan.
Falastin rasmiylari Isroilning noqonuniy aholi punktlarini kengaytirishi, uylarni buzishi va qishloq xo‘jaligi yerlariga kirishni cheklashiga qarshi xalqaro hamjamiyatni amaliy choralar ko‘rishga chaqirib, bunday harakatlar kelajakda mustaqil Falastin davlatini barpo etish imkoniyatiga putur yetkazayotganini ta’kidlamoqda.




















