Turkiya Tashqi ishlar vazirligi kecha kechqurun Rossiyadagi Novorossiysk portidan jo‘nab ketganidan so‘ng uchuvchisiz uchish apparatlari hujumiga uchragan “Yashar” va “Nadejda” nomli Turkiyaga tegishli fuqarolik kemalaridagi turk fuqarolarining holati yaqindan kuzatilayotganini ma’lum qildi.
Vazirlikning yozma bayonotida quyidagilar qayd etildi:
“Turkiyaga tegishli ‘Yashar’ va ‘Nadejda’ nomli fuqarolik kemalari kecha kechqurun Novorossiysk portidan jo‘nab ketganidan so‘ng uchuvchisiz uchish apparatlari hujumiga uchragani hamda orasida fuqarolarimiz ham bo‘lgan bir guruh xodim jarohatlangani ma’lum bo‘ldi. Fuqarolarimizning hayoti va xavfsizligi biz uchun eng ustuvor masala bo‘lib, ularning holati yaqindan kuzatilmoqda”.
Bayonotda:
“Barcha ogohlantirishlarimizga qaramay, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushning fuqarolik kemalariga ham ta’sir ko‘rsatadigan tarzda Qora dengizda tobora kengayib borayotganidan jiddiy xavotirdamiz”, degan ifoda ishlatildi.
Shuningdek, zarur ehtiyot choralari ko‘rilmasa, Qora dengizdagi keskinlik oziq-ovqat xavfsizligini ham qamrab olgan ko‘p tomonlama salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligiga e’tibor qaratildi.
Bayonotda, avvalo, urushayotgan tomonlar hamda barcha tegishli ishtirokchilar Qora dengizda kemalar qatnovi xavfsizligini ta’minlash uchun aniq choralarni zudlik bilan amalga oshirishga yana bir bor chaqirildi.


















