Turkiya Hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi — TİKA Iroqning Kirkuk shahriga qarashli Oltinko‘prik shaharchasida joylashgan Oltinko‘prik shahidlar qabristonida ta’mirlash ishlarini boshladi.
Iroq Turkman frontining Oltinko‘prik bo‘limi rahbari Zaki Ibrohim Shayha Anadolu agentligi muxbiriga bergan bayonotida, shaharcha markazidagi Oltinko‘prik qirg‘ini shahidlari qabristoni va yodgorligida boshlangan ta’mirlash ishlari uchun TİKAga minnatdorlik bildirdi.
Yodgorlik Saddam Husayn rejimi ag‘darilganidan so‘ng, 2003-yilda qurilganini ta’kidlagan Shayha, o‘sha vaqtdan buyon unda hech qanday ta’mirlash ishlari olib borilmaganini aytdi.
Shahidlar qabristoni turkmanlar uchun katta ma’naviy ahamiyatga ega ekaniga e’tibor qaratgan Shayha: “Shahidlar qabristoni kundan-kunga yanada eskirib borayotgan edi. TİKAga rahmat, ta’mirlash ishlarini boshladi. Bu shahidlar qabristoni Oltinko‘prik aholisi va turkmanlar uchun nihoyatda qadrlidir”, dedi.
Shayha ta’mirlash ishlari doirasida shahidlar qabristoni atrofi obodonlashtirilgani, o‘tirish joylari barpo etilgani hamda shahidlarning ismlari yozilgan marmar lavha yodgorlik markaziga o‘rnatilganini ma’lum qildi. U ushbu ishlarga hissa qo‘shgan Iroq Turkman frontiga ham minnatdorlik bildirdi.
Oltinko‘prik qirg‘ini
Iroqning ag‘darilgan rahbari Saddam Husaynga qarashli harbiylar 1991-yil 28-mart kuni Kirkukdan 44 kilometr shimolda joylashgan Oltinko‘prik shaharchasida bolalar va keksalar ham bo‘lgan 100 nafardan ortiq turkmanni qatl etgan edi.
Turkmanlar har yili 28-mart kuni Oltinko‘prik shaharchasidagi shahidlar qabristonida marosimlar o‘tkazib, qirg‘inda halok bo‘lganlarni yodga oladi.





















