Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an Livan uzoq yillardan buyon mintaqadagi ayrim kuchlarning raqobat va to‘qnashuv maydoniga aylangani sababli eng katta zarar ko‘rgan qardosh mamlakat ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u Yaqin Sharqda boshidanoq barpo etishni maqsad qilgan barqarorlik, tinchlik va hamkorlik muhitidan eng ko‘p manfaat ko‘radigan davlatlardan biri Livan bo‘lishini aytdi.
Prezident Erdo‘g‘an rasmiy tashrif bilan poytaxt Anqarada bo‘lib turgan Livan Prezidenti Jozef Avn bilan Prezident majmuasida yakkama-yakka muzokara o‘tkazganidan so‘ng tashkil etilgan qo‘shma matbuot anjumanida so‘zga chiqdi.
Erdo‘g‘an Isroilning Livanga qarshi hujumlari boshlangan 2026-yil 2-martdan buyon 4 ming 300 nafardan ortiq livanlik halok bo‘lgani, 2 mingdan ziyod livanlik yaralangani va 1 million kishi o‘z uyi hamda yurtini tark etishga majbur bo‘lganini ta’kidlab, shunday dedi:
“Shu o‘rinda yana bir bor janob Prezident timsolida Livan xalqiga hamdardlik bildiraman va yaradorlarga tezroq sog‘ayib ketishlarini tilayman. Turkiya ilk kundanoq hujumlarga eng keskin munosabat bildirgan mamlakatlardan biri bo‘ldi. Isroil sodir etgan insoniyatga qarshi jinoyatlarni ushbu jarayonda ham kun tartibida saqlab keldik. Bu hujum va bosqinchilikni to‘xtatish maqsadida boshlangan diplomatik tashabbuslarni yaqindan kuzatib boryapmiz. Isroil hujumlaridan jiddiy zarar ko‘rgan Janubiy Livanni qayta tiklash masalasida mamlakatimiz qo‘lidan kelgan barcha yordamni ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirmoqchiman.”
Livan Prezidenti Jozef Avn esa Turkiya va Livan o‘rtasida chuqur tarixiy ildizlarga ega munosabatlar mavjudligini ta’kidlab, “Har ikki mamlakat xalqlari manfaatlari va mintaqa barqarorligiga xizmat qiladigan hamkorlikni rivojlantirish borasida qat’iy iroda mavjud”, dedi.
Prezident Erdo‘g‘anga samimiy kutib olish, mehmondo‘stlik va taklif uchun minnatdorlik bildirgan mehmon Prezident o‘z tashrifi muhim bir davrda amalga oshayotganini ta’kidladi. U mintaqa ayni paytda o‘z kelajagi shakllantirilayotgan hududga aylanganini aytdi.
Avn Turkiya–Livan birodarligi nihoyatda muhim ekanini hamda kelgusida ushbu kelajakni barpo etishda katta rol o‘ynashini ta’kidlab, “Hurmatli Erdo‘g‘an o‘z qarashlari va qat’iy irodasi bilan bu munosabatlarni chin dildan qo‘llab-quvvatlamoqda hamda ularni hamkorlikning yangi bosqichiga olib chiqishga qat’iy bel bog‘lagan”, dedi.
Avn Turkiya Respublikasining asoschisi G‘oziy Mustafo Kamol Otaturkning “Yurtda tinchlik, dunyoda tinchlik” degan so‘zlariga ishora qilib, Turkiya–Livan munosabatlari haqida: “Bu munosabatlar ikki mamlakat tarixiga munosib tarzda yanada rivojlanadi. Livan–Turkiya do‘stligi yashasin”, dedi.





















