ANKARA (AA) – Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an: “Mintaqamiz endilikda urush, terrorizm va to‘qnashuvlar bilan emas, taraqqiyot, farovonlik, osoyishtalik va barqarorlik bilan tilga olinishi uchun sa’y-harakat qilmoqdamiz”, dedi.
Prezident Erdo‘g‘an Prezident qarorgohida rasmiy tashrif bilan poytaxt Anqarada bo‘lib turgan Iroq Bosh vaziri Ali az-Zaydiy bilan yakkama-yakka va delegatsiyalararo muzokaralar o‘tkazdi. Shundan so‘ng u turli sohalardagi kelishuvlarni imzolash marosimida ishtirok etdi.
Keyin o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida so‘zga chiqqan Erdo‘g‘an az-Zaydiyni mintaqa boshdan kechirayotgan murakkab davrda zimmasiga olgan vazifasi bilan yana bir bor tabrikladi.
Munosabatlarni birodarlik asosida har tomonlama muhokama qilganliklarini bildirgan Erdo‘g‘an: “Eron, Suriya va Falastin masalalari boshchiligida mintaqaviy o‘zgarishlar yuzasidan fikr almashdik”, dedi.
Erdo‘g‘an Turkiya bilan yonma-yon hududlarda davom etayotgan urush muhiti sababli muzokaralarda xavfsizlik, terrorizmga qarshi kurash, energetika va transport masalalari muhim o‘rin egallaganini aytib, quyidagilarni qayd etdi:
“Qo‘shnimiz Iroq, afsuski, ushbu urush va beqarorlik muhitidan eng ko‘p zarar ko‘rgan mamlakatlardan biridir. Biz azaldan Iroqdagi osoyishtalik va barqarorlikni mamlakatimizdagi vaziyatdan alohida deb hisoblamaganmiz va bundan keyin ham alohida deb hisoblamaymiz. Mintaqamiz endilikda urush, terrorizm va to‘qnashuvlar bilan emas, taraqqiyot, farovonlik, osoyishtalik va barqarorlik bilan tilga olinishi uchun sa’y-harakat qilmoqdamiz. Terrorsiz Turkiya jarayonimiz va terrorsiz mintaqa haqidagi qarashlarimiz ro‘yobga chiqishi uchun iroqlik birodarlarimiz bilan yaqin muloqot olib bormoqdamiz”.
Erdo‘g‘an “British Petroleum” operatorlik qilayotgan Kirkuk neft qazib chiqarish konida “Turkiya Petrollari” kompaniyasiga hamkorlik ulushi berilganini ta’kidlab: “Iroq bilan o‘tgan yili 17 milliard dollarga yaqinlashgan savdo hajmimizni yanada yuqori darajaga olib chiqishni istaymiz”, dedi.
“Iroqdan olinadigan 1 million barrel neft ehtiyojimizni qoplaydi”
Prezident Erdo‘g‘an Iroq Bosh vaziri Ali az-Zaydiy o‘z nutqida: “Biz Turkiyaga kuniga 1 million barrel neft yetkazib bera olamiz”, deganini eslatdi.
Erdo‘g‘an: “U, ‘Boshqalarga muhtoj bo‘lmang. Bir million barrel’, dedi. Yaqin qo‘shnimiz Iroqdan, nasib etsa, 1 million barrel neftni bu yerga yetkazib kelganimizda, ehtiyojimiz qoplanadi”, deya ta’kidladi.






















