Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov mamlakatga tashrif buyurgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Issiqko‘l sohilidagi Cho‘lponota shahrida uchrashdi.
Prezident Japarov tomonidan Issiqko‘l sohilidagi Cho‘lponota shahrida joylashgan “Ruh Ordo” Chingiz Aytmatov nomidagi madaniyat markazida rasmiy kutib olish marosimi o‘tkazildi.
Rasmiy marosimdan so‘ng ikki davlat rahbari yakkama-yakka va delegatsiyalar ishtirokida muzokaralar o‘tkazdi.
“Qirg‘izistonning O‘zbekiston bilan munosabatlari eng yaxshi davrini boshdan kechirmoqda”
Japarov delegatsiyalararo muzokarada so‘zlagan nutqida Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilgan islohotlar natijasida O‘zbekiston iqtisodiyoti ikki baravar o‘sganini ta’kidladi. U siyosiy iroda tufayli Qirg‘iziston–O‘zbekiston munosabatlari tarixidagi eng kuchli va eng yaxshi davrlardan birini boshdan kechirayotganini qayd etdi.
O‘zbekiston bilan chegaraga oid muammolar hal etilganiga to‘xtalgan Japarov quyidagilarni aytdi:
“Bugun bu yerda Qirg‘iziston–O‘zbekiston davlat chegarasidagi o‘tkazish punktlari sonini 15 tadan 30 taga yetkazishga imkon beradigan kelishuvlar imzolanishidan mamnunman. Shu tariqa chegara hududlarida yashovchi aholining orzularini ro‘yobga chiqaramiz. Endilikda ular bir-birlarini erkin ziyorat qilishi, oilaviy va do‘stlik rishtalarini davom ettirishi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, ta’lim olishi va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, ushbu o‘tkazish punktlarining muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi mamlakatlarimizning tranzit, transport va logistika salohiyatini oshiradi. Endi bizning oldimizda turgan vazifa — umumiy chegaramiz ishonch, savdo, aloqa va birgalikdagi barqaror taraqqiyot uchun birlashtiruvchi yo‘l bo‘lib xizmat qilishini ta’minlashdir”.
Japarov O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi konsullik xizmatlari kengaytirilayotganidan va Qirg‘izistonning O‘zbekistonning Andijon shahrida Bosh konsulligini ochish to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan mamnunligini bildirdi.
Ikki mamlakat o‘rtasida xavfsizlik, iqtisodiy sheriklik va kelajak avlodlar farovonligi yo‘lida tarixiy siyosiy majburiyat bo‘ladigan “Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma” imzolanishini ma’lum qilgan Japarov, mazkur tarixiy ittifoqning uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va qabul qilingan qarorlar ijrosini nazorat qilish maqsadida “Oliy davlatlararo kengash” tuzilganini aytdi.
Japarov Qirg‘izistonda “Qambarota-1” gidroelektr stansiyasi va to‘g‘oni hamda Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi hamkorlikda amalga oshirilayotgan strategik loyihalar ekanini ta’kidladi.
Prezident Mirziyoyevning tashrifi doirasida Qirg‘izistonda o‘tkazilgan tadbirlarga ham to‘xtalgan Japarov, tashrif arafasida Qo‘shma hukumatlararo komissiyaning o‘n ikkinchi yig‘ilishi, iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishning muhim yo‘nalishlari belgilangan Qirg‘iziston–O‘zbekiston biznes forumi va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishi, O‘zbekiston madaniyati kunlari hamda Qirg‘iziston va O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari rektorlarining uchinchi forumi o‘tkazilganini bildirdi. Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” kitobining qirg‘iz tilidagi nashri taqdim etilganini aytdi.
“Bizga kuchli Qirg‘iziston juda kerak”
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonda kuzatilayotgan jadal iqtisodiy o‘sish va sanoat salohiyatini yuqori baholashlarini bildirib, shunday dedi:
“Mamlakatda jadal iqtisodiy o‘sish kuzatilmoqda, sanoat salohiyati kengaymoqda va aholining real daromadlari oshmoqda. Qancha ko‘p qurilish kranlari o‘rnatilgani va qanchadan-qancha inshootlar barpo etilayotganini ko‘rib turibmiz. Chunki bizga kuchli Qirg‘iziston, kuchli qo‘shni juda kerak”.
Qardosh Qirg‘izistonni vaqt sinovidan o‘tgan ishonchli hamkor deb atagan Mirziyoyev, mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi muvaffaqiyatlaridan juda mamnun ekanini ta’kidladi.
“Bugun ikki tomonlama munosabatlarimizni ittifoqchilik darajasiga ko‘tarmoqdamiz”, dedi Mirziyoyev.
“Bugun tarixiy kun. Bu uzoq davom etgan, mashaqqatli va jiddiy mehnatimizning natijasidir. Ikki tomonlama munosabatlar tarixidagi bugungi kun har ikki xalqning xotirasiga abadiy muhrlanib qoladi”, deya ta’kidladi O‘zbekiston Prezidenti.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilishi har ikki xalq uchun ham katta qo‘llab-quvvatlash va chinakam yaqinlashuv belgisi bo‘lishini ta’kidlagan Mirziyoyev, Qirg‘izistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyatlari o‘zbek xalqi tomonidan ham samimiy va katta quvonch bilan kuzatib borilayotganini bildirdi.
Mirziyoyev Qirg‘izistonda 450 ta o‘zbek kompaniyasi faoliyat yuritayotganini, ushbu mamlakat bilan savdo hajmini hozirgi 1 milliard 200 million dollardan 2 milliard dollarga, uzoq muddatli istiqbolda esa 3 milliard dollarga yetkazish maqsad qilinganini qayd etdi.
Mirziyoyev Qirg‘izistonda “Qambarota-1” gidroelektr stansiyasi va to‘g‘oni qurilishi jadal sur’atlarda davom etayotganini aytdi. Shuningdek, mintaqadagi geosiyosiy vaziyatni o‘zgartiradigan Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi ham davom etayotganini bildirdi.
Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi
Delegatsiyalararo muzokaralardan so‘ng Issiqko‘l sohilidagi “Ruh Ordo” Chingiz Aytmatov nomidagi madaniyat markazida Qirg‘iziston va O‘zbekiston rahbarlari hamda hukumat a’zolari ishtirokida hujjatlarni imzolash marosimi o‘tkazildi.
Japarov va Mirziyoyev Qirg‘iziston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni ittifoqchilik darajasiga ko‘tarishni nazarda tutuvchi shartnomani imzoladi.
Bundan tashqari, ikki mamlakatning ayrim vazirlik va idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni tartibga soluvchi qator hujjatlar hamda chegara o‘tkazish punktlari sonini 15 tadan 30 taga yetkazishni ko‘zda tutuvchi hujjatlar almashildi.
O‘zbekiston Prezidenti Mirziyoyev mamlakatning eng oliy davlat ordeni bilan taqdirlandi
Qirg‘iziston Prezidenti Japarov marosimda Prezident Mirziyoyevga mamlakatning eng oliy davlat mukofoti — birinchi darajali “Manas” ordenini topshirdi.
Mirziyoyev Japarovga minnatdorlik bildirdi
O‘zbekiston Prezidenti Mirziyoyev Qirg‘iziston Prezidenti Japarovga minnatdorlik bildirgan nutqida quyidagilarni aytdi:
“Biz ushbu maqsadga qat’iyat, puxtalik va juda jiddiy sa’y-harakatlar bilan yetib keldik. Diplomatiya sohasida eng yuqori darajaga erishdik va hamkorligimiz ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi. Birgalikdagi mehnatimizni bunday yuksak mukofot bilan qadrlaganingiz uchun yana bir bor minnatdorlik bildiraman. Bu juda katta mukofot. Aziz birodarim va do‘stim — Qirg‘iziston Prezidentining o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishishini chin dildan istayman. Biz har doim bir-birimizning yonimizda bo‘lamiz va Qirg‘iziston Prezidenti amalga oshirayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz har doim shu yerda, birga bo‘lamiz. Chunki biz birodar va ittifoqchimiz”.






















