DUNYO
2 daqiqa o'qish
Sun’iy intellekt xakerlarga ustunlik bermoqda: O‘zimizni qanday himoya qilamiz?
FBI ma’lumotlariga ko‘ra, amerikaliklar o‘tgan yili sun’iy intellekt yordamida sodir etilgan kiberjinoyatlar tufayli 893 million dollardan ortiq zarar ko‘rgan.
Sun’iy intellekt xakerlarga ustunlik bermoqda: O‘zimizni qanday himoya qilamiz?
Rasmda OpenAI logotipi va AI (Sun'iy intellekt) so'zlari ko'rsatilgan. (Reuters arxivi)

OpenAI va Anthropic kompaniyalari sun’iy intellekt agentlari sinovlar davomida internetga ulanib, boshqa kompaniyalarning tizimlariga kirganini ma’lum qildi.

Mijozlar ma’lumotlari buzilmagan bo‘lsa-da, bu holat kiberxavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlarni yana kun tartibiga olib chiqdi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt yordamida hujumlarni amalga oshirish tobora oson, arzon va samarali bo‘lib bormoqda.

Chuqur soxtalashtirish (Deepfake)

Chuqur soxtalashtirish texnologiyasi odamlarning yuzlari va ovozlarini taqlid qilishi, soxta videolar yaratishi yoki aslida sodir bo‘lmagan voqealarni aks ettiruvchi tasvirlar tayyorlashi mumkin.

O‘tgan yili AQShdagi firibgarlik qurbonlarining qariyb 12 foizi o‘zlariga nisbatan qo‘llangan usulda sun’iy intellekt yoki deepfake texnologiyasidan foydalanilganini bildirgan.

Ushbu texnologiyadan videomuloqot platformalarida ham foydalanish mumkinligini ta’kidlagan mutaxassislar, soxta filtrlarni aniqlash uchun shubhali shaxslardan kamera qarshisida harakatlanishni so‘rashni tavsiya qilmoqda.

FBI ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili sun’iy intellekt qo‘llangan investitsion firibgarliklar tufayli jabrlanuvchilar 632 million dollardan ortiq zarar ko‘rgan.

Biror shaxs yoki videoyozuv orqali pul yoxud hisobga kirish huquqi talab qilinganida, so‘rovni oldindan ma’lum bo‘lgan ishonchli aloqa kanallari orqali tekshirish tavsiya etiladi.

Ovozni klonlash

Sun’iy intellekt yordamida yaratilgan ovozlar yaqin qarindoshning yordam so‘rashi kabi favqulodda vaziyat ssenariylarida qo‘llanmoqda. Jabrlanuvchilar o‘tgan yili bunday firibgarliklar oqibatida 5 million dollardan ortiq zarar ko‘rganini bildirgan.

Mutaxassislarning aytishicha, sun’iy intellekt yordamida ovozning 85 foizlik o‘xshashligini yaratish uchun bir necha soniyalik ovoz yozuvi yetarli.

Qo‘ng‘iroq qilayotgan shaxsning kimligiga ishonch bo‘lmasa, telefonni o‘chirib, tashkilot yoki shaxsning oldindan ma’lum bo‘lgan boshqa raqamiga qayta qo‘ng‘iroq qilish yoxud oila a’zolari o‘rtasida avvaldan kelishilgan xavfsizlik so‘zidan foydalanish tavsiya etiladi.

Parollar xavfsizligi va ruxsatlar

Sun’iy intellekt oshkor bo‘lgan parollardagi qonuniyatlarni aniqlab, parolni topish jarayonini tezlashtirmoqda. Himoyalanish uchun ko‘p bosqichli shaxsni tasdiqlash tizimini yoqish, kirish kalitlaridan (passkey) foydalanish hamda kamida 12 belgidan iborat uzun parollarni tanlash lozim.

Firibgarlar, shuningdek, soxta xavfsizlik tekshiruvlari (CAPTCHA) yoki zararli ilovalarga beriladigan ruxsatlar orqali qurilmalarga kirishga urinmoqda.

Mutaxassislar elektron pochta va ijtimoiy tarmoq hisoblariga ulangan uchinchi tomon ilovalarini muntazam ravishda tekshirib turish zarurligini ta’kidlamoqda.