Turkiya bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi madaniy hamda san’at sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan «Turkiya – Qirg‘iziston Turk kino kunlari» bu yil 10 - marotaba Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida tashkil etiladi.
Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi hamda Qirg‘iziston Madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vazirligi ko‘magida o‘tkaziladigan tadbir Kino bosh boshqarmasi, Qirg‘iziston Kinematografiya departamenti, Bishkek elchixonasi va Mahalliy tafakkur uyushmasi hamkorligida 3 – 7 iyun kunlari bo‘lib o‘tadi.
Festival doirasidagi barcha film namoyishlari 5 kun davomida qirg‘iz xalqi uchun bepul tashkil etiladi.
Tadbir davomida universitet suhbatlari, prodyuser va rejissyorlar uchrashuvlari; madaniy sayohatlar hamda sohaga oid tadbirlar o‘tkazilib, kino sohasidagi xalqaro hamkorliklarni rivojlantirish maqsad qilingan.
Festivalning ochilish marosimi Kino Bosh boshqarmasi rahbari Birol Guven ishtirokida 3 -iyun chorshanba kuni Bishkekdagi Alaa - Too kinoteatrida bo‘lib o‘tadi.
Ochilishda Mutluyuz Mu (Baxtlimizmi) filmi tomoshabinlarga namoyish etiladi. Gala kechasida film bosh rol ijrochisi Ibrahim Buyukak, prodyuser Hasan Ko‘ray Shahin hamda ssenariy muallifi va rejissyor Murat Emre Kaman ham qatnashadi.
Tadbirda, shuningdek, Bak Postacı Geliyor (Qara pochtachi kelyapti) filmining bosh rol ijrochisi Deniz Barut va rejissyori Yuksel Aksu, Bir Adam Yaratmak (Bir inson yaratish) filmi rejissyori Murat Cheri, Kanto filmi rejissyori Ensar Akso‘y hamda ko‘plab prodyuserlar, rejissyorlar, aktyorlar va kino sohasi vakillari ishtirok etadi.
Festival doirasida Mutluyuz Mu, Bak Postacı Geliyor, Bir Adam Yaratmak, Kanto va Efesin Sırrı (Efesning siri) filmlari Bishkekdagi kino ixlosmandlariga taqdim etiladi.
















