Inqilobiy gvardiya bayonotida Iordaniyaning Al-Azraq hududida AQSh harbiylari joylashtirilgan 20 ta angar raketalar bilan nishonga olingani bildirildi. Hujumda ko‘plab amerikalik harbiylar halok bo‘lgani da’vo qilindi.
Bayonotda, shuningdek, Iordaniyadagi Aqaba aeroportiga ham raketa zarbasi berilgani, AQSh armiyasiga tegishli C-17 og‘ir transport samolyotlari hamda P-8 qo‘mondonlik va boshqaruv samolyotlari jiddiy zarar ko‘rgani iddao qilindi.
“Nasr-2” operatsiyasining 22-to‘lqinida esa Quvaytdagi Ali as-Solim harbiy bazasiga yuqori aniqlikdagi uchuvchisiz uchish apparati bilan hujum qilingani bildirildi.
Bayonotga ko‘ra, AQSh armiyasiga tegishli erta ogohlantirish radar tizimi butunlay yo‘q qilingan. Aviatsiya jihozlari va ehtiyot qismlar saqlanadigan angar hamda MQ-9 rusumidagi uchuvchisiz uchish apparatlari joylashtirilgan angarga zarba berilgan. Kelib chiqqan yong‘in oqibatida ko‘plab MQ-9 apparatlari yaroqsiz holga kelgani da’vo qilindi.
Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi Hurmuz bo‘g‘ozidan kemalarning o‘tishi bo‘yicha ham bayonot e’lon qildi.
Bayonotda ikkita neft tankeri AQSh bosimi ostida xavfsiz bo‘lmagan yo‘nalishdan o‘tishga uringan paytda portlagani bildirildi.
Portlash sababiga oid ma’lumot berilmadi.
Shuningdek, Eron belgilagan yo‘nalishdan tashqaridagi barcha yo‘llar kemalar qatnovi uchun xavfsiz bo‘lmasligi haqida ogohlantirildi.
Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi Harbiy-dengiz kuchlari avvalroq xorijiy aralashuv sabab yuzaga kelgan beqaror xavfsizlik vaziyati tufayli Hurmuz bo‘g‘ozi yopilganini e’lon qilgan edi.




















