Rossiya kuchlarining iyul boshidan beri Ukraina janubidagi Odessa viloyatiga bergan zarbalari oqibatida 28 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mintaqaviy gubernator Oleh Kiper dushanba kuni ma'lum qildi.
“Odessa viloyati iyul boshidan buyon tinimsiz, kunlik o‘qqa tutishlar ostida qolmoqda. Ba'zi kunlarda hududda 13 tadan 15 tagacha havo hujumi haqida ogohlantirish e'lon qilindi”, dedi Kiper Ukraina televideniyasiga bergan intervyusida.
Urush to‘rt yildan ortiq davom etar ekan, front chizig‘i deyarli o‘zgarmaganicha qolmoqda; Rossiya va Ukraina bir-birining shaharlariga, energetika infratuzilmasi hamda dengiz obyektlariga zarba berishda davom etmoqda.
Ukraina keng ko‘lamli dron hujumini boshladi
19-iyulga o‘tar kekasi Ukraina Moskva viloyatiga 400 dan ortiq dron yuborib, hujumlar geografiyasini Rossiya hududining ichki qismlariga qadar kengaytirdi.
Kiyev so‘nggi oylar ichida Rossiya hududiga beriladigan zarbalarni kuchaytirdi va buni Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘rt yildan ortiq davom etayotgan tajovuziga javob sifatida izohlamoqda.
Yaqin atrofdagi Kolyedino shahrida Rossiyaning eng yirik onlayn chakana sotuvchisi — "Wildberries"ga tegishli omborda yong‘in chiqqani xabar qilindi. Monitoring kanallari kompaniyaning buyurtma markazlaridan biriga zarba yetkazilganini da'vo qilmoqda.
Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy ushbu operatsiyani tasdiqlab, Kiyev Moskva viloyatidagi logistika obyektlari va neft omborxonalariga zarba berganini, bu Ukraina chegarasidan 400 kilometrdan ortiq masofada joylashganini bildirdi.
“Biz shaharlarimiz va jamoalarimizga berilayotgan har bir rus zarbasiga adolatli tarzda javob beramiz”, deb yozdi u X tarmog‘ida va qo‘shimcha qilib, Ukraina Qora dengizda ikkita “soya floti” tankeriga hamda to‘rtta yuk kermisiga zarba berganini ma'lum qildi.
Tinchlik muzokaralaridan darak yo‘q
Kreml vakili Dmitriy Peskov 16-iyul kuni Ukraina bilan tinchlik muzokaralarini qayta boshlash uchun hozircha bevosita imkoniyat yo‘qligini, biroq Rossiya muzokaralarga ochiq qolishini aytdi.
2025-yilda Istanbulda uchta qisqa raundlik tinchlik muzokaralari o‘tkazilgan edi. Shundan so‘ng Abu-Dabida ikki raund va joriy yil boshida AQSh vositachiligida Jenevada yana bir raund bo‘lib o‘tdi.
Biroq fevral oyida Vashington o‘z e'tiborini Eron bilan yuzaga kelgan mojaroga qaratgani sababli muzokaralar to‘xtab qoldi.
Ukraina uzoq vaqtdan beri harbiy harakatlarni to‘xtatishni talab qilib kelmoqda, biroq Rossiya buni rad etib kelmoqda. Moskva vaqtinchalik sulh o‘rniga doimiy yechim izlash kerakligini, chunki harbiy harakatlarning vaqtincha to‘xtatilishi Ukrainaga kuch yig‘ish va qayta qurollanish uchun imkon berishini da'vo qilmoqda.


















