Gretsiyalik siyosatshunos Afina hukumatini yunon armiyasining Anadoludagi harbiy yurishlari chog‘ida sodir etilgan jinoyatlarni rasman tan olishga chaqirmoqda. Uning fikricha, Yunoniston boshqa davlatlar tarixiy fojialar oldidagi mas’uliyatni qanday tan olgan bo‘lsa, o‘z o‘tmishiga ham xuddi shunday yondashishi kerak.
Gretsiya davlat teleradiokompaniyasi (ERT) efirida so‘zga chiqqan Tanasis Diamantopoulos yunon kuchlari tomonidan Anadoluda musulmon aholiga qarshi amalga oshirilgan qirg‘inlar va ommaviy zo‘ravonliklarni tan olish zarurligini ta’kidladi.
"Tarixiy subyektlarning hech biri o‘tmishdagi jinoyatlardan xoli emas", – deydi Diamantopoulos. Siyosatshunosning fikricha, davlatlar o‘z tarixining eng qorong‘i sahifalari bilan yuzlashganda chinakam siyosiy yetuklikni namoyon etadi. U bunga misol tariqasida Fransiyaning Jazoir urushidagi jinoyatlarni, Vichy rejimining yahudiylarni deportatsiya qilishdagi rolini tan olganini hamda Sovet Ittifoqining Katin qirg‘ini bo‘yicha pozitsiyasini keltirib o‘tdi.
Gretsiya sodir etgan zo‘ravonliklar
Siyosatshunos Gretsiya armiyasining Anadoludagi bosqini davrida ofitserlar va askarlarning bevosita roziligi yoki ko‘z yumishi bilan sodir etilgan ommaviy qirg‘inlar va zo‘ravonliklar qachon rasman tan olinishi haqida savol o‘rtaga tashladi.
Diamantopoulos 1923-yilgi Lozanna tinchlik shartnomasining 59-moddasiga ishora qilib, bu masala o‘sha davrdayoq qisman ko‘rib chiqilganini eslatdi. Ma’lumki, o‘sha davr imperial kuchlari ko‘magida Anadoluni bosib olgan yunon armiyasi Turkiyaning Mustaqillik urushi davrida mag‘lubiyatga uchragan. Harbiy kampaniya chog‘ida sodir etilgan jinoyatlar xalqaro tergov komissiyalari tomonidan hujjatlashtirilgan va Lozanna shartnomasining 59-moddasida urush qonunlarini buzgani uchun Yunonistonga tovon to‘lash majburiyati yuklangan edi.
Diamantopoulosning bu chiqishi Gretsiyaning Anadoli kampaniyasi davridagi harakatlarini tarixiy jihatdan niqoblashga urinishlari haqida Turkiyadan kelayotgan tanqidlar kuchayib borayotgan bir paytda ahamiyat kasb etmoqda.




















