Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi – ASEANga a’zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari seshanba kuni Manilada yillik yig‘ilishni boshladi. Ular kuchayib borayotgan geosiyosiy keskinlik, dengizdagi hududiy vakolatlar bo‘yicha kelishmovchiliklar va davom etayotgan mojarolar fonida yanada mustahkam birlik hamda muvofiqlashtirilgan harakatlarga chaqirdi.
ASEAN tashqi ishlar vazirlarining 59-yig‘ilishi ochilishida so‘zlagan Filippin Tashqi ishlar vaziri Ma. Tereza P. Lazaro a’zo mamlakatlarni tobora ko‘proq “beqarorlik, noaniqlik va oldindan aytib bo‘lmaslik” hukm surayotgan dunyoda “faol va ongli ravishda muammolarni hal etish” yondashuvi asosida harakat qilishga chaqirdi.
Lazaro Filippinning 2026-yildagi ASEAN raisligi mavzusi bo‘lgan “Kelajagimizni birgalikda shakllantiramiz” shioriga ishora qilib, uyushma tashqi bosimlarga shunchaki munosabat bildirish o‘rniga o‘z kelajagini birgalikda shakllantirishi zarurligini ta’kidladi.
Xavfsizlik masalalari kun tartibida birinchi o‘rinda
Hafta davomida o‘tkaziladigan yig‘ilishlarning asosiy kun tartibini mintaqaviy xavfsizlik masalalari tashkil etadi. Shu doirada ASEANning Myanmadagi boshi berk ko‘chaga kirib qolgan tinchlik tashabbusini qayta jonlantirish hamda Xitoy bilan uzoq vaqtdan buyon muhokama qilinayotgan Janubiy Xitoy dengizidagi xulq-atvor qoidalariga oid bitim bo‘yicha muzokaralarni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Maniladagi yig‘ilishlar noyabr oyida o‘tkaziladigan ASEAN sammiti oldidan uyushmaning asosiy muloqot bo‘yicha hamkorlari ishtirokidagi uchrashuvlar bilan yakunlanadi. Ushbu muzokaralarda AQSh, Xitoy, Rossiya, Yaponiya, Hindiston va Yevropa Ittifoqi vakillari ham qatnashadi.


















