Eron mintaqaviy taranglik keskin oshayotgan bir paytda Quvayt va Bahrayndagi AQShga tegishli 18 ta yirik harbiy ob’yektga zarba berilganini e’lon qildi.
Eron Islom Inqilobi Muhofizlari Korpusi (IRGC) bayonotiga ko‘ra, nishonlar orasida Quvaytdagi "Ali al-Salem" va "Ahmad al-Jaber" aviabazalari hamda Bahrindagi "Shayx Isa" bazasi bor. Alohida qayd etilishicha, Eron harbiylari Bahrinda joylashgan AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining Beshinchi flotiga qarshi aloqa markazlari va "Patriot" havo mudofaa tizimlarini nishonga olgan. Bayonotda AQShning Eron janubiga bergan zarbalariga javoban Beshinchi flotga qarshi kamikadze dronlar (kamikadze uchar apparatlari) ham uchirilgani qo‘shimcha qilingan.
Ushbu voqealar AQShning Eron janubiy hududlariga uyushtirgan hujumlari va bunga javoban Eronning mintaqa bo‘ylab AQSh harbiy obyektlariga qaratilgan operatsiyalari ortidan yuz bergan jiddiy eskalatsiya fonida sodir bo‘ldi.
Eron bo‘ylab berilgan aniq zarbalar
Vaziyatning so‘nggi pallada keskinlashuviga AQSh tomonidan Eron hududiga berilgan bir qator yangi zarbalar sabab bo‘ldi. AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ushbu operatsiyani Eronning "asossiz va davom etayotgan tajovuzi"ga qarshi javob choralari deb atadi.
Bu bayonotdan ko‘p o‘tmay, Eronning "Mehr" davlat axborot agentligi Bandar-Abbos va Sirik shaharlarida, shuningdek, janubiy Hormuzgan viloyatining Minab tumanida yangi portlashlar sodir bo‘lganini xabar qildi.
Ushbu bombardimonlar mintaqadagi shiddatli harbiy harakatlar bilan kechgan kunning yakuni bo‘ldi. Chorshanba kuni ertalab ham "Mehr" agentligi Fars ustoni (viloyati) atrofida havo mudofaa tizimlarining ishga tushishi oqibatida portlashlar eshitilganini ma’lum qilgan edi. Bundan tashqari, Tehron g‘arbi uzra zenit-raketa majmualarining ovozi eshitilgan, Qesh oroli yaqinida esa uzoqdan alohida portlash aks sadosi kelgan.









