AQSh Markaziy qo‘mondonligi CENTCOM Eron hududidagi bir nechta nishonlarga qaratilgan yangi hujumlar yakunlanganini e’lon qildi.
Qo‘mondonlik bayonotida: “CENTCOM kuchlari Eron bo‘ylab harbiy kuzatuv imkoniyatlari, aloqa tizimlari va havo mudofaasi nuqtalariga zarbalar berdi”, deyiladi.
Bayonotda AQSh Dengiz piyodalari korpusi, Harbiy-havo kuchlari va Harbiy-dengiz kuchlari bo‘linmalari Amerika kuchlari hamda mintaqaviy suvlardan o‘tayotgan xalqaro savdo kemalariga tahdid solayotgani aytilgan Eron nishonlariga aniq boshqariladigan o‘q-dorilar bilan hujum qilgani qayd etildi.
Prezident Donald Tramp ko‘rsatmasi bilan amalga oshirilgan ushbu zarbalar Eronning hafta boshida Hormuz bo‘g‘ozi ustida AQSh Quruqlik qo‘shinlariga tegishli Apache vertolyotini urib tushirganidan keyin amalga oshirildi.
CENTCOM hujumlar Eronning “asossiz va davom etayotgan tajovuzkorligi”ga javob sifatida uyushtirilganini bildirib, AQSh kuchlari “jangovar shay, halokatli va tayyor” holatda ekanini ma’lum qildi.
Eronda kuchli portlashlar yuz berdi
AQSh kuchlari avvalgi kecha ham davom etayotgan qarama-qarshiliklarni to‘xtatish maqsadida Eron hududidagi bir nechta nishonlarga yangi hujumlar to‘lqinini boshlaganini ma’lum qilgan edi.
Bayonotdan ko‘p o‘tmay, Eronning davlatga yaqin Mehr axborot agentligi Bandar Abbos va Sirik shaharlarida yangi portlashlar sodir bo‘lganini, janubdagi Hormuzgon viloyatining Minob shahri yaqinida ham portlash ovozlari eshitilganini xabar qildi.
So’nggi bombardimonlar mintaqada kun bo‘yi kuzatilgan kuchli harbiy harakatlardan keyin amalga oshirildi.
Mehr agentligi Fors shahri tashqarisida yuz bergan qator portlashlar havo mudofaasi tizimlarining ishga tushirilishi bilan bog‘liq bo‘lganini ma’lum qildi.
Tehronning g‘arbiy qismida ham havo mudofaasi faoliyati eshitilgan bo‘lsa, Kish oroli yaqinidan ham portlash ovozlari kelgani bildirildi.
Tramp va Hegseth kuchli hujumlar va’da qilgandi
AQSh Mudofaa vaziri Pit Hegset chorshanba kuni Vashington yaqin orada Erondagi “muhim obyektlar”ni bombardimon qilishi haqida ogohlantirgan edi.
Hegset Floridaning Tampa shahridagi AQSh Markaziy qo‘mondonligi qarorgohi oldida qilgan bayonotida:
“Prezident Tramp Eronni qattiq zarba bilan urishimizni aytdi, shu sababli Markaziy qo‘mondonlik bugun tunda juda band bo‘ladi. Biz buni amalga oshiramiz”, dedi.
Hegseth, “Eronning yaxshi, hatto juda yaxshi kelishuv tuzish imkoniyati bor. Aks holda ular Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan Eronning muhim obyektlariga bombalar yog‘dirilayotganini ko‘radi”, dedi.
U Pentagon “Prezident Tramp kutayotgan turdagi kelishuv uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga tayyor” ekanini bildirib, rejalashtirilgan operatsiyalar “kuchli” va “aniq” bo‘lishini ta’kidladi.
Prezident Donald Tramp ham chorshanba kuni urushni yakunlashga qaratilgan muzokaralarda yetarli taraqqiyot bo‘lmagani sababli AQShning Eronga qarshi hujumlari qayta boshlanishini bildirgan edi.
Tramp Oq uyda jurnalistlarga bergan bayonotida:
“Biz ularga hujum qilamiz, juda qattiq hujum qilamiz”, dedi va bunga Eron tomonidan AQShning Apache vertolyoti urib tushirilgani sabab bo‘lganiga ishora qildi.
Tramp jurnalistlarga:
“Vertolyotga qarasangiz, menimcha, buni qilishga haqqimiz bor”, dedi.
Shuningdek, u Tehron bilan olib borilayotgan tinchlik muzokaralarining sust kechayotganidan noroziligini bildirdi.
AQSh prezidenti:
“Men bir necha oydan beri Eron bilan ishlayapman. Ular kelishuvni imzolashi kerak. Bu yaxshi kelishuv. Doim kichik qadamlar tashlandi. Nima qilayotganlarini bilmayman”, dedi.









