The Wall Street Journal nashrining seshanba kungi xabariga ko‘ra, AQSh Prezidenti Donald Tramp o‘z yordamchilariga Eronning uzoq muddatli blokadasiga tayyorgarlik ko‘rishni buyurgan.
AQSh rasmiylariga tayanib berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi uchrashuvlarda Tramp Eron iqtisodiyoti va neft eksportini bo‘g‘ish maqsadida mamlakat portlariga kelayotgan va u yerdan chiqayotgan yuk tashuvlarini to‘sib qo‘yish strategiyasini tanlagan. Rasmiylarning qo‘shimcha qilishicha, prezident bombardimonlarni qayta boshlash yoki mojarodan butunlay chekinish variantlarini blokadani saqlab turishga qaraganda yuqori xavfli deb baholagan.
Eslatib o‘tamiz, 28-fevral kuni AQSh va Isroil Eronga qarshi birgalikda harbiy amaliyot boshlagan edi. Tehron bunga javoban mintaqa bo‘ylab, xususan, Fors ko‘rfazi davlatlarida AQSh manfaatlariga qarshi zarbalar berdi.
8-aprel kuni Pokiston vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishildi. 11–12-aprel kunlari Islomobodda o‘tkazilgan muzokaralar esa natijasiz yakunlandi. Keyinchalik Tramp sulh muddati Pokistonning iltimosiga binoan, Tehrondan kutilayotgan takliflarni ko‘rib chiqish uchun uzaytirilganini ma’lum qildi.
Dushanba kuni prezident Tehronning urushni to‘xtatish bo‘yicha so‘nggi taklifini qabul qilish ehtimoli pastligini bildirdi. Eron esa Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish va yadro dasturiga oid masalalarni keyingi muzokaralar kun tartibiga qoldirish taklifi bilan chiqdi.













