DUNYO
2 daqiqa o'qish
Isroil Livan janubida o‘n to‘rt kishining umriga zomin bo‘ldi
Isroil Livan janubida yana qoidabuzarlik qildi va o‘n to‘rt kishining umriga, o‘ttiz yetti kishining esa sog‘ligiga zomin bo‘ldi.
Isroil Livan janubida o‘n to‘rt kishining umriga zomin bo‘ldi
_

Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi Isroil bilan Hizbulloh o‘rtasida erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga qaramay mamlakat janubida qo‘l urgan Isroil hujumlarida 14 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Vazirlik halok bo‘lganlar orasida ikki nafar ayol kishi bilan ikki nafar yosh bola borligini tasdiqlab, yana 37 kishi tan jarohati olganini o‘z so‘ziga ilova etdi.

Livan davlat axborot agentligi, shuningdek, Isroil armiyasi janubdagi Yarun va Bint Jubayl shaharchalari orasida uylar hamda infratuzilmani nisonga olgan vayronkor hujumlar uyushtirganini bildirdi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, Isroil kuchlari Sur mintaqasidagi Burj Qallaviya shaharchasiga qarshi havo hujumi uyushtirgan. Shuningdek, nomi tilga olingan hududdagi Mansuriy va Bayt as - Sayyid aholi punktlarini o‘qqa tutgan.

Nabatiya mintaqasida esa Isroilning Kfar Tebnit shaharchasiga qarshi uyushtirgan hujumida artilleriya o‘qlari Arnun shaharchasi va Ali at - Tahir o‘rmon hududiga zarba bergan.

Isroil harbiy samolyotlari shu hududdagi Zavtar ash - Sharqiyaga ham zarbalar berib, bir masjid hamda diniy ishlar uchun foydalanilgan bir binoni vayron qilgan.

Agentlikka ko‘ra, Isroil kuchlari Bint Jubayl mintaqasida Bayt Yahoun shaharchasini nishonga olgan. Shu doirada Burj Qallaviyaga uchta, Kafra hududiga bitta hamda Jabal al - Butm va Sadiqin orasidagi hududga yana bir zarba bergan.

Isroil qoidabuzarlikni davom ettirmoqda

Hizbulloh Isroil pozitsiyalariga qarshi uyushtirgan hujumlarini kelishuvni «doimiy ravishda» buzilishiga javob tariqasidagi bir chora ekanini bildirdi.

17 - aprelda kuchga kirgan 10 kunlik sulh uch haftaga yana uzaytirilgan bo‘lsa - da, Hizbulloh: «Isroilning sulhni buzishda, hujumlar uyushtirishda, uylarni vayron qilishda va Livan hududlarini bosib olishda davom etishiga javob berilishini ochiq va qat’iy tarzda tasdiqlaymiz» - dedi.

Tashkilot, Isroil 17 - apreldan buyon sulhni 500 marta buzganiga ham e’tibor qaratdi.

Hizbulloh Isroilning shimolidagi aholi punktlariga qaratilgan zarbalarni ushbu buzilishlarga «qonuniy javob» deb baholadi.

Shuningdek, u: «Sulhning har hafta uzaytirilishi haqiqiy tinchlikka olib kelishi kerak edi» - deya ta’kidlab, buning o‘rniga Isroilning tajovuzkorligi kuchayganini bildirdi.

Shu bilan birga Isroil armiyasi Livan janubida davom etayotgan to‘qnashuvlarda bir askari halok bo‘lgani va olti askar yaralanganini ma’lum qildi.

Isroil 2 - mart kuni chegaradan oshib o‘tkazilgan hujum ortidan, Livanga qarshi havo zarbalari bilan bir qatorda quruqlik amaliyotini ham boshlagan edi.

Livan rasmiylariga ko‘ra o‘sha vaqtdan buyon Isroil hujumlari 2 500 nafardan ortiq kishining halok bo‘lishiga va 1 million nafardan ortiq insonning o‘z uyini tark etishiga sabab bo‘lgan.