Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an chorshanba kuni (22.04.2026) Anqarada NATO Bosh kotibi Mark Rutte bilan uchrashib, poytaxtda o‘tkaziladigan NATO yetakchilari sammiti oldidan ortib borayotgan mintaqaviy va global inqirozlarga qarshi ittifoq ichida yanada kuchli birdamlik va yuqori darajadagi tayyorgarlik zarurligini ta’kidladi.
Turkiya Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi axborot va kommunikatsiyalar boshqarmasi tomonidan mavzu haqida berilgan bayonotga ko‘ra Prezidentlik majmuasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yaqinlashib kelayotgan sammitga tayyorgarlik, NATO kun tartibidagi asosiy masalalar hamda mintaqaviy va xalqaro voqealar muhokama qilindi.
Erdo‘g‘an mintaqada tobora beqaror tus olayotgan vaziyat NATO ittifoqchilari o‘rtasidagi o‘zaro yordam va birdamlikning ahamiyatini yana bir bor namoyon etganini qayd etdi.
U Anqaradagi sammitdan a’zo davlatlar o‘rtasidagi birlikni mustahkamlovchi va ittifoqning har qanday inqirozga tayyorgarligini kuchaytiruvchi qarorlar chiqishini kutayotganini bildirdi.
Turkiya kuchliroq mudofaa hamkorligi tarafdori
Erdo‘g‘an, ayniqsa havo mudofaa tizimlari sohasida Turkiyaning ortib borayotgan mudofaa salohiyatiga e’tibor qaratib; Anqara milliy mudofaa sanoatini rivojlantirishni davom ettirayotganini va bu sohada ittifoqchi davlatlar bilan hamkorlikni chuqurlashtirishni maqsad qilganini ifoda etdi.
U transatlantik aloqalarni saqlab qolish NATOning uzoq muddatli kuchi uchun muhim ekanini ta’kidlab, yevropalik ittifoqchilarning ittifoq ichida ko‘proq mas’uliyat olishi kerakligini bildirdi.
Erdo‘g‘an shuningdek, Yevropa ittifoqiga a’zo bo‘lmagan yevropalik NATO a’zolarining Yevropa ittifoqi mudofaa tashabbuslaridan chetda qoldirilishi ittifoqning yanada keng strategik maqsadlariga xizmat qilmasligi haqida ogohlantirdi.
Eron va Ukraina uchun tinchlik xabari
Uchrashuvda Erdo‘g‘an Eron bilan bog‘liq hujumlar va undan keyingi mintaqaviy keskinlashuv ortidan Turkiya tinchlik va diplomatiya tarafida ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, u Rossiya – Ukraina urushini diplomatik yo‘l bilan yakunlashga yordam berish maqsadida Anqara olib borayotgan sa’y - harakatlarni yana bir bor qayd etib; Turkiya muzokaralarni qayta jonlantirish va yetakchilar darajasida to‘g‘ridan - to‘g‘ri uchrashuvlarni boshlashga hissa qo‘shishga intilayotganini bildirdi.
Erdo‘g‘an va Rutte Yevropa va Yaqin Sharqda ortib borayotgan xavfsizlik sinovlari oldida ittifoqning kelgusi strategik qadamlarini belgilashi kutilayotgan NATO Anqara sammiti tayyorgarliklarini batafsil ko‘rib chiqdilar.















