Tibbiy manbalar Anado‘lu axborot agentligiga (AA) G‘azo shahrining shimolidagi Shayx Ridvon mahallasida bir guruh tinch aholiga qarshi uyushtirilgan Isroil hujumida falastinlik bir kishi halok bo‘lgani, kamida uch kishi tan jarohati olganini ma’lum qildi.
Guvohlarning aytishicha, Isroilga qarashli insonsiz havo transporti ayni mahallada Birinchi ko‘cha chorrahasi yaqinida to‘plangan tinch aholiga raketa uchirgan.
Bundan avval Isroil kuchlari Jabaliya qochqinlar lagerining al - Huja hududiga qarshi o‘t ochib, yana bir falastinlikni o‘ldirgan. Tibbiy xodimlar marhumning jasadini G‘azo shahrining g‘arbidagi Shifo nomidagi shifoxonaga olib bordi.
Boshqa bir hodisada tibbiy manbalar va guvohlar Jabaliya hududidagi Umari masjidi yaqinida bir guruh tinch aholini nishonga olgan insonsiz havo transporti hujumida falastinlik uch kishi tan jarohati olgani va ulardan birining yosh bola ekanini tasdiqladi.
G‘azodagi Hukumat Media ofisi 14 - aprel kuni Isroil sulh kelishuvini o‘ldirishlar, hibsga olishlar, blokada choralari va ochlik siyosatini o‘z ichiga olgan holda 2 ming 400 marta buzganini ma’lum qildi.
G‘azo Sog‘liqni Saqlash vazirligiga ko‘ra sulh kuchga kirganidan buyon Isroilning uni buzishi oqibatida falastinlik 809 kishi halok bo‘lgan, 2 ming 267 kishi yaralangan.
Isroil 2023 - yilning oktabr oyidan beri G‘azoda olib borayotgan harbiy harakatlari davomida 72 ming 500 kishining umriga, 172 ming nafar insonning esa sog‘ligiga zomin bo‘ldi. Ularning ko‘pchiligi esa ayollar va yosh bolalardan iborat.
Isroil, hududning yirik qismini ham vayronaga aylantirdi va aholining deyarli barchasini o‘z uy - joyidan ko‘chishga majbur qildi.












