Vyacheslav Gladkovning ma’lum qilishicha Ukraina tomonidan insonsiz havo transporti orqali uyushtirilgan hujum natijasida Rossiyaning Belgorod viloyatida uch kishi halok bo‘lgan.
Gladkov seshanba kuni (28.04.2026) Telegram orqali bergan bayonotida shunday dedi: “Ukraina qurolli kuchlarining insonsiz havo transporti yordamida amalga oshirgan hujumlari oqibatida tinch aholidan uch kishi halok bo‘ldi, yana uch kishi jarohat oldi”. Unga ko‘ra insonsiz havo transportlari avtomobilni nishonga olgan, natijada bir erkak halok bo‘lgan. Boshqa hududda esa yana bir erkak kishi bilan bir ayol kishi vafot etgan.
Rossiyaning Tuapse neftni qayta ishlash zavodida yong‘in
Rasmiylarga ko‘ra Ukraina insonsiz havo transportlari Qora dengiz bo‘yidagi Rossiyaning Tuapsedagi neftni qayta ishlash zavodiga qarshi ham hujum uyushtirib, yong‘in kelib chiqishiga sabab bo‘lgan.
Mazkur hujum, Rosneftga qarashli zavod va Tuapse portiga so‘nggi haftalarda ketma - ket insonsiz havo transportlari orqali uyushtirilgan hujumlarining eng oxirgisi bo‘ldi. Avvalgi hujumlar dengizda neft sizib chiqishiga va bir necha kun davom etgan yong‘inga sabab bo‘lgan edi.
Sanoat manbalariga ko‘ra asosan eksport uchun neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchi ushbu zavod, insonsiz havo transporti orqali uyushtirilgan hujum ortidan 16 - apreldan boshlab faoliyatini to‘xtatgan.
Ukraina AQSh vositachiligidagi tinchlik muzokaralari to‘xtatilganidan va Vashington e’tibori asosan Eron bilan bog‘liq mojaroga qaratilganidan beri, mart oyidan boshlab Rossiyaga qarshi hujumlarini kuchaytirdi.
Tuapse zavodining yillik ishlab chiqarish quvvati taxminan 12 million metrik tonna yoki kuniga 240 ming barrelni tashkil etadi; u nafta, dizel, mazut va vakuum gazoyl ishlab chiqaradi.
2022 - yilning fevralida Ukrainaga qarshi harbiy amaliyot boshlaganidan buyon Rossiya muntazam ravishda, ayniqsa muhim infratuzilma obyektlarini bombardimon qilib kelmoqda.
Bunga javoban Kiyev Rossiyadagi nishonlarga zarba berar ekan, Moskvaning urushni moliyalashtirish imkoniyatini kamaytirish maqsadida harbiy obyektlar bilan birga energetika infratuzilmasini ham nishonga olayotganini ta’kidlamoqda.










