G‘arbiy Sohilda isroillik harbiylar bir falastinlikni otib o‘ldirdi.
Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bosib olingan G‘arbiy Sohil markazidagi Ramalloh shahrining sharqida joylashgan Silvad qo‘rg‘onida Isroil armiyasi o‘qidan bir falastinlik halok bo‘ldi.
Fuqarolik ishlari boshqarmasi 37 yoshli Abdel Halim Ruhi Hammadning vafotini tasdiqladi. Vazirlik bayonotida keltirilishicha, u chorshanba kuni erta tongda Isroil kuchlari tomonidan o‘qqa tutilgan va og‘ir jarohat olgan. Falastin tomoni Isroil harbiylari marhumning jasadini hanuzgacha ushlab turganini ma’lum qildi.
Guvohlarning "Anadolu" agentligiga bergan ma’lumotiga ko‘ra, Isroil kuchlari tunda shaharga bostirib kirib, falastinliklar xonadonlarida tintuv o‘tkazgan va aholiga nisbatan kuch ishlatgan. Mahalliy vaqt bilan taxminan 01:30 larda boshlangan reyd davomida askarlar Ruhi oilasiga tegishli uydan yaralangan bir kishini olib chiqib ketishgan.
O‘z navbatida, Isroil armiyasi bayonot berib, Silvad qishlog‘idagi operativ harakatlar chog‘ida ikki shaxs ikki isroillik askarga hujum qilganini va jarohatlangan harbiylar shifoxonaga evakuatsiya qilinganini da’vo qildi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, Isroil kuchlari G‘arbiy Sohilda muntazam ravishda falastinliklarning uylariga bostirib kirib, aholini hibsga olish amaliyotlarini o‘tkazib keladi.
Mazkur hodisa 2023-yil oktyabr oyida G‘azoda urush boshlanganidan buyon bosib olingan G‘arbiy Sohilda hibsga olish operatsiyalari keskin kuchaygan bir vaqtda yuz berdi. Falastin Mahbuslari jamiyati ma’lumotlariga ko‘ra, shu davr ichida 23 000 dan ortiq kishi hibsga olingan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, G‘arbiy Sohilda Isroil armiyasi va noqonuniy ko‘chmanchilar hujumlari oqibatida kamida 1 154 nafar falastinlik halok bo‘lgan, minglab insonlar jarohatlangan.














