Isroil politsiyasi namoyishchidan Vengriya bayrog‘ini Falastin bayrog‘iga o‘xshashligi sababli musodara qildi.
Isroil ommaviy axborot vositalarining shanba kuni xabar berishicha, mamlakat shimolidagi Karkur chorrahasida bo‘lib o‘tgan hukumatga qarshi namoyishda politsiya xodimlari bir namoyishchidan Vengriya bayrog‘ini musodara qilgan. Politsiya buni bayroqning Falastin bayrog‘iga juda o‘xshashligi va "provokatsiyaga sabab bo‘lishi mumkinligi" bilan izohlagan.
Tushunmovchilikka har ikki bayroqdagi ranglarning o‘xshashligi sabab bo‘lgan: Vengriya va Falastin bayroqlarida yashil, oq va qizil ranglar mavjud. Biroq, ularning joylashuv tartibi turlicha bo‘lib, Vengriya bayrog‘ida Falastin bayrog‘idan farqli o‘laroq qora rang mavjud emas.
Namoyishchining Haaretz nashriga ma’lum qilishicha, u bayroq aslida Vengriyaniki ekanini tushuntirishga harakat qilgan. Biroq politsiya zobiti unga: "Siz buni tushunishingiz mumkin, lekin boshqalar tushunmaydi", deya javob qaytargan. Fuqaro bayroqni mashinasiga olib qo‘yishni taklif qilgan bo‘lsa-da, zobit buni rad etib, bayroqni musodara qilgan va faqat namoyish yakunlanganidan keyin qaytarib bergan.
Ushbu xabar e’lon qilingan vaqtda Isroil politsiyasi Haaretz nashrining so‘roviga rasmiy munosabat bildirmagan. Mazkur voqea ijtimoiy tarmoqlarda, xususan, X (sobiq Twitter) platformasida keng muhokama va kulgiga sabab bo‘ldi. Foydalanuvchilar politsiyaning bu harakatini haddan tashqari ehtiyotkorlik yoki xodimlarning malakasizligi belgisi sifatida tanqid qilishdi.
Ushbu voqea Viktor Orban 16 yillik bosh vazirlik muddatidan keyin lavozimini tark etishi ortidan Vengriya va Isroil munosabatlari qayta ko‘rib chiqilishi mumkin bo‘lgan nozik bir davrga to‘g‘ri keldi. Orbanning vorisi Peter Magyar Isroil borasida bir-biriga zid bayonotlar berib kelmoqda. U dastlab Netanyaxuni Budapeshtga taklif qilgan bo‘lsa, keyinchalik Xalqaro jinoiy sudning (XJS) Isroil rahbarini hibsga olish haqidagi orderiga tayanib, agar Netanyaxu tashrif buyursa, Vengriya rasmiylari uni hibsga olishi shartligini ta’kidladi.














