TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Hakan Fidan Damashqda Suriya va Ukraina prezidentlari bilan uchrashdi
Ushbu tashrif Zelenskiyning Turkiya va Fors ko'rfazi mamlakatlariga qilgan safaridan keyin amalga oshirildi.
Hakan Fidan Damashqda Suriya va Ukraina prezidentlari bilan uchrashdi
Ukraina prezidenti Suriya prezidenti bilan muzokaralar xavfsizlik, mintaqaviy barqarorlik va oziq-ovqat xavfsizligini qamrab olganini aytdi. Rasm: X/@ZelenskyyUa / Others
13 соат олдин

Yakshanba kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan hamrohligida Damashqqa bordi. Bu haqda xabar bergan yuqori martabali rasmiyga ko‘ra, Ukraina yetakchisining Suriya rahbari Ahmad al-Sharaa bilan uchrashishi rejalashtirilgan.

Mazkur tashrif Zelenskiyning shanba kuni Turkiyaga qilgan safari hamda o‘tgan haftadagi Fors ko‘rfazi bo‘ylab turkum uchrashuvlarining mantiqiy davomidir. AQSh va Isroilning Eron bilan mojarosi fonida kechayotgan ushbu diplomatik harakatlardan ko‘zlangan maqsad — xavfsizlik bitimlarini yakunlash hamda Ukrainaning dronlarga qarshi kurash bo‘yicha tajribasini havo mudofaa tizimlari va raketalariga almashtirishdan iborat.

Zelenskiy ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida poytaxtga yetib kelganini tasdiqlar ekan, "oldinda muhim uchrashuvlar bor"ligini bildirdi. "Har bir xalq va har bir mintaqa tinch hayotga loyiqdir", — deya qo‘shimcha qildi u.

Tashrif tafsilotlaridan xabardor rasmiy shaxsga ko‘ra, muloqotlar kun tartibidan "mamlakatlararo hamkorlik" va "mintaqaviy xavfsizlik masalalari" o‘rin olgan. Suriya rasmiy axborot agentligi (SANA) Damashq aeroportida Tashqi ishlar vaziri Asad ash-Shayboniy Zelenskiy va Fidanni kutib olayotgani aks etgan suratlarni e’lon qildi.

Rossiya tomonidan muntazam ravishda dron va raketa zarbalariga tutilayotgan Ukraina ayni damda AQShning Patriot havo mudofaa tizimlari uchun o‘q-dorilarga o‘ta muhtoj. Kiyev yetkazib berish hajmi Yaqin Sharqdagi keskinlik sabab kamayib ketishidan xavotirda. Shu sababli Ukraina hukumati Eron tomonidan Fors ko‘rfazi davlatlariga yo‘llangan zarbalardagiga o‘xshash dronlarni urib tushirish bo‘yicha o‘z tajribasini taklif etish orqali strategik kelishuvlarga erishishga intilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Zelenskiy Yaqin Sharq mamlakatlariga safari davomida Qatar va Saudiya Arabistoni bilan mudofaa sohasida hamkorlik bitimlarini imzolagan edi.

Suriya o‘n to‘rt yillik fuqarolar urushi davrida Rossiyaning mintaqadagi asosiy ittifoqchisi bo‘lib kelgan. Moskva Ahmad al-Sharaadan avvalgi rahbar — hozirda Rossiyadan siyosiy boshpana topgan Bashar al-Asad rejimini havo zarbalari bilan qo‘llab-quvvatlagan edi. Biroq Suriyaning yangi rahbariyati Moskva bilan munosabatlarda muvozanat saqlashga intilayotgani kuzatilmoqda. Yanvar oyida prezident Vladimir Putin bilan uchrashgan al-Sharaa hozircha Rossiyadan Suriya hududidagi harbiy bazalarini olib chiqib ketishni so‘ragani yo‘q.