Turkiya kelasi hafta Anqarada bo‘lib o‘tadigan NATO sammiti doirasida mamlakat mudofaa rahbariyatini markazlashtirish maqsadida yaratilgan yangi avlod harbiy markazi — 'Oy-Yulduz' qo‘shma shtabini namoyish etadi.
Ushbu majmua poydevori 2021-yil 30-avgust kuni Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ishtirokida qo‘yilgan bo‘lib, bugungi kunda asosiy qurilish ishlari deyarli yakunlandi. 'Oy-Yulduz' majmuasi Turkiya Qurolli Kuchlarining boshqaruv tizimini bir manzilga jamlaydi. Xususan, Milliy mudofaa vazirligi, Bosh shtab, shuningdek, quruqlik, dengiz va havo kuchlari qo‘mondonliklari endilikda bir kompleksdan turib faoliyat yuritadi. Bu esa qo‘shma operatsiyalar va strategik boshqaruv imkoniyatlarini sezilarli darajada oshiradi.
Turk bayrog‘idagi hilol va yulduz shaklidan ilhomlanib loyihalashtirilgan mazkur kompleks noyob arxitekturasi, “aqlli bino” konsepsiyasi hamda ekologik tozaligi bilan ajralib turadi. Ilg‘or texnologik infratuzilmaga ega markaz kiberxavfsizlik, ballistik himoya hamda kimyoviy, biologik va yadroviy tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha dunyodagi eng zamonaviy inshootlardan biri bo‘lishi kutilmoqda. Majmuaning xavfsizlik tizimi “Temir gumbaz” konsepsiyasiga muvofiq tarzda mustahkamlangan.
Strategik jihatdan muhim hisoblangan bu markaz Turkiya armiyasining operatsion qudratini oshirish va mamlakatning mudofaa sohasidagi maqsadlarini ifodalashga xizmat qiladi.
Yaqinda eshiklarini matbuot uchun ochgan 'Oy-Yulduz' majmuasi 7–8-iyul kunlari Anqarada o‘tadigan NATO sammiti doirasida o‘zining birinchi rasmiy tadbirini qabul qiladi. Sammitga tashrif buyuradigan mudofaa vazirlari va NATOning yuqori martabali rasmiylari uchun kompleksning “Yulduz” qismida maxsus qabul marosimi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.




















