Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo’gʻan, Eronga nisbatan amalga oshirilgan noqonuniy hujumlar mintaqada xavfsizlik xatarlarini kuchaytirganini aytdi. Turkiya Prezidentligi Aloqa boshqarmasi tomonidan berilgan bayonotga koʻra, Prezident Erdo’gʻan juma kuni Antalya diplomatiya forumi doirasida Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif va Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Al Soniy bilan uchrashgan. Bayonotda Erdo’gʻan Turkiyaning sulhni saqlab qolish va doimiy tinchlikka erishish borasidagi saʼy-harakatlarini qatʼiy davom ettirishi taʼkidlangan.
Mintaqada davom etayotgan toʻqnashuvlar yangi va mustahkam poydevorga ega mintaqaviy xavfsizlik tizimi zarurligini koʻrsatayotganini aytgan Erdo’gʻan, bu masalani mintaqa davlatlari bilan atroflicha muhokama qilishda davom etishini qoʻshimcha qildi. Uch yetakchi, shuningdek, butun mintaqada barqaror tinchlikni oʻrnatish yoʻlidagi birgalikda tashlanishi mumkin boʻlgan qadamlarni koʻrib chiqdilar.
Oʻt ochishni toʻxtatish yoʻlidagi urinishlar
Erdo’gʻan va Shahboz Sharif oʻzaro munosabatlar hamda Eron bilan bogʻliq davom etayotgan sulh muzokaralarini muhokama qilib, diplomatik hamkorlikni kuchaytirish zarurligini qayd etdilar. Erdo’gʻan Turkiyaning Pokiston bilan energetika, savdo va mudofaa kabi muhim sohalarda hamkorlikni kengaytirishda davom etishini bildirdi.
Prezident Erdo’gʻan Pokistonning sulh oʻrnatishdagi rolini yuqori baholadi va ikki tomon buni yanada kengroq tinchlik kelishuviga aylantirish ustida ishlashini aytdi. Erdo’gʻan Gʻazo-dagi oʻt ochishni toʻxtatish tartibini mustahkamlash zarurligini taʼkidlab, barqarorsizlik Falastin uchun “ikki davlatli yechim” saʼy-harakatlariga toʻsqinlik qilmasligi kerakligi haqida ogohlantirdi.
Suriya yetakchisi bilan uchrashuv
Prezident Rejep Tayyip Erdo’gʻan forum doirasida Suriya Prezidenti Ahmad al-Sharaa bilan ham uchrashdi. Ushbu muloqot mintaqadagi soʻnggi oʻzgarishlar fonida diqqatga sazovor uchrashuv sifatida baholandi.
Erdo’gʻan Damashq milliy birlik va birdamlikni mustahkamlash, qayta tiklash va taraqqiyot yoʻlida qatʼiy qadamlar tashlayotganini aytdi va Turkiya bu jarayonda Suriya yonida boʻlishini taʼkidladi. Prezident Erdo’gʻan Suriyaning mintaqaviy mojarolardan uzoqda turishi kerakligini bildirib, Anqara va Damashq oʻrtasidagi hamkorlikni mudofaa, xavfsizlik, savdo, energetika va transport kabi barcha sohalarda kengaytirish Suriyaning qayta tiklanishi uchun muhimligini qoʻshimcha qildi.
Uchrashuvda Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan va Milliy razvedka tashkiloti (MİT) rahbari İbrahim Kalin kabi yuqori martabali mulozimlar ham ishtirok etdi.

















