Turkiya Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidan Qirg‘izistonning xalqaro maydondagi diplomatik muvaffaqiyatlari ham - da Turkiyaning bu yutuqqa qo‘shgan hissasi ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi birdamlikning eng yorqin namunalaridan biri ekanini ta'kidladi.
Hakan Fidan bilan Qirg‘iziston Tashqi Ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev hamraisligida poytaxt Anqarada o‘tkazilgan Turkiya – Qirg‘iziston Qo‘shma strategik rejalashtirish guruhi yettinchi yig‘ilishi ortidan mushtarak matbuot anjumani uyushtirdi.
Fidan Qirg‘izistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashining 2027 – 2028 -yillardagi muvaqqat a'zoligiga saylangani munosabati bilan tabriklab, bu natijani Qirg‘iziston uchun tarixiy yutuq va g‘alaba deb baholadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2027 – 2028 - yillar uchun hamkorlik dasturi imzolangan.
Fidan mavzu haqida: «Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik yanada rejalashtirilgan, tizimli va barqaror tarzda davom etishi kerak. Biz buni barcha darajalarda doimo kun tartibiga olib chiqmoqdamiz» - dedi.
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov o‘zaro savdo hajmini 5 milliard AQSh dollariga yetkazish maqsadini belgilaganini yodga solgan Fidan, ushbu maqsadga erishish yo‘lida izchil ish olib borilayotganini qayd etdi.
Shuningdek, u Qirg‘izistonda 350 ta turk kompaniyasi faoliyat yuritayotgani va ularning soni tobora ortib borayotganini ta'kidladi.
Uchrashuv davomida transport yo‘laklari, moliyalashtirish va investitsiyalar masalalari ham muhokama qilindi.
Fidan bu borada: «So‘nggi Eron voqealari yana bir bor shuni ko‘rsatdiki, transport aloqalari, yuk tashish hamda mahsulotlar yetkazib berish masalalari strategik ahamiyat kasb etadi. Transport yo‘laklari va logistika tarmoqlarining o‘rni tobora ortib bormoqda» - dedi.
Turkiya va Qirg‘iziston barcha asosiy masalalarda bir xil pozitsiyada ekanini ta'kidlagan Fidan, buning qardoshlik rishtalarining tabiiy natijasi ekanini bildirdi.
Tashqi Ishlar vaziri mazkur uchrashuv navbatdagi Oliy darajali strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish vazifasini o‘tashini ham alohida qayd etdi.



















