IQTISODIYOT
4 daqiqa o'qish
Ho‘rmuzda qayd etilgan hujumlar yuzasidan kemalarning o‘tishi yana sekinlashdi
Eron bilan Ummon Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha muzokaralarni davom ettirayotgan bir paytda, ikki tijorat kemasiga qarshi uyushtirilgan hujumlar ortidan bo‘g‘ozdagi kemalar harakati odatdagidan sustlashdi.
Ho‘rmuzda qayd etilgan hujumlar yuzasidan kemalarning o‘tishi yana sekinlashdi
_

Ho‘rmuz bo‘g‘ozida tijorat kemalariga qarshi uyushtirilgan yangi hujumlar ortidan mintaqadagi dengiz qatnovi yana sekinlashdi. Xavfsizlik borasidagi xavotirlar kuchaygan bir paytda Eron bilan Ummon strategik suv yo‘lining kelajakdagi boshqaruvini muhokama qilish uchun Maskatda uchrashdi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozida ikki tijorat kemasiga qarshi uyushtirilgan hujumlar dunyoning eng muhim energetika tranzit yo‘llaridan birida xavfsizlikka oid xavotirlarni yana kuchaytirdi. So‘nggi voqealardan keyin bo‘g‘oz orqali tijorat kemalari harakati dam olish kunlari davomida sezilarli darajada sustlashdi.

Dengiz qatnovini kuzatuvchi tizimlar ma'lumotlariga ko‘ra 25-iyun kuni Singapurda ro‘yxatdan o‘tgan Ever Lovely den nomlangan konteyner kemasiga ziyon yetkazilgani ham - da 27 - iyun kuni Panama bayrog‘i ostida suzayotgan M/T Kiku neft tankeriga zarba berilganiga qaramay ayrim kemalar bo‘g‘ozdan o‘tishda davom etgan. Mintaqadan olingan ma'lumotlarga ko‘ra ayrim kompaniyalar ushbu suv yo‘lidan foydalanishni davom ettirayotgan bo‘lsa - da, dengiz qatnovining sekinlashgani kema egalari, sug‘urta kompaniyalari va yuk tashuvchilar orasida ishonch hali to‘liq tiklanmaganini ko‘rsatmoqda.

Singapur Dengizchilik va port ma'muriyati bergan bayonotga ko‘ra Ever Lovely kemasi Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan chiqib ketayotgan bir paytda boshqaruv ko‘prigi qismiga kelib tushgan manbasi noma'lum o‘q - doridan yengil ziyon ko‘rgan. Shunga qaramay, kema bo‘g‘ozdan muammosiz o‘tgan va uning 21 nafar ekipaj a'zosi jabrlanmagan.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) esa Eron kuchlari Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqinida harakatlanayotgan, 2 million barreldan ortiq xom neft ortilgan M/T Kiku tankerini kamikadze insonsiz havo transporti bilan nishonga olganini ma'lum qildi. CENTCOM ushbu hujumga javoban Erondagi ayrim nishonlarga qo‘shimcha havo zarbalari berilganini ham bildirdi.

Hujumlarga qaramay Fors ko‘rfaziga kirayotgan bo‘sh juda yirik xom neft tankerlari (VLCC) ham - da yuk ortilgan tankerlarning ko‘rfazdan chiqishi dam olish kunlari davomida ham to‘xtamadi. Dengizchilik manbalarining ma'lum qilishicha, fevral oyining oxiridan buyon Fors ko‘rfazida qolib ketgan Fransiyada ro‘yxatdan o‘tgan CMA CGM Galapagos konteyner kemasi ham Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan chiqib, Ummonning Maskat porti yaqinida langar tashlagan.

Bir necha oy davom etgan uzilishlardan so‘ng eksport jarayonlarini qayta yo‘lga qo‘yishga intilayotgan mintaqa mamlakatlari uchun bo‘sh tankerlarning Fors ko‘rfaziga xavfsiz kirib borishi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ko‘rfaz terminallarida yuk ortishi kerak bo‘lgan tankerlar harakatidagi eng kichik ikkilanish ham, diplomatik muzokaralar davom etayotganiga qaramay, jahon bozoriga neft yetkazib berishning tiklanishini kechiktirishi mumkin.

So‘nggi voqealardan keyin Qo‘shma Dengiz Axborot Markazi (JMIC) Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi dengiz xavfsizligiga tahdid darajasini «muhim» toifasiga ko‘tardi. Markaz kemalarni ehtimoliy minalar xavfi ham - da minalarni zararsizlantirish ishlari tufayli mintaqada harbiy harakatlar faollashganidan ogohlantirdi.

Jarayon fonida kema egalarining ehtiyotkorona kuzatuvi davom etmoqda. Bo‘g‘oz orqali qatnovni vaqtincha to‘xtatgan ayrim kompaniyalar hali yangi qaror qabul qilmagan bo‘lsa, qatnovni davom ettirayotgan kemalar asosan Eron nazoratidagi shimoliy yo‘nalish yoki Ummonga yaqin janubiy dengiz yo‘lini tanlayotgani kuzatilmoqda. Yo‘nalish tanlovi AQSh va Eron o‘rtasidagi vaqtinchalik kelishuv doirasidagi asosiy tortishuv masalalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Tehron kemalar faqat o‘zi belgilagan yo‘nalishlardan foydalanishi kerakligini ta'kidlayotgan bo‘lsa, Vashington xalqaro savdo kemalarining erkin harakatlanish huquqi saqlanishi lozimligini ilgari surmoqda.

Eron bilan Ummon o‘rtasida muhim «Hormuz» sammiti

Dengiz yo‘llaridagi keskinlik kuchayib borayotgan bir paytda diplomatik maydonda ham muhim voqea yuz berdi. Eron bilan Ummon Ho‘rmuz bo‘g‘ozining bugungi muammolari ham - da uning kelajakdagi maqomini muhokama qilish maqsadida Maskat shahrida qo‘shma qo‘mitaning ilk yig‘ilishini o‘tkazdi.

Eron Tashqi Ishlar vazirining huquqiy va xalqaro masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Kazem G‘aribobodiy ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Maskatga tashrifi doirasida Ummon Tashqi ishlar vazirligining maxsus elchisi Abdulaziz al - Hinai bilan samarali uchrashuv o‘tkazganini ma'lum qildi.

G‘aribobodiy: «Bo‘g‘oz bilan bog‘liq dolzarb masalalarni muhokama qilar ekanmiz, Islomobod anglashuv memorandumi 5 - moddasi ham - da qirg‘oqbo‘yi davlatlarining suveren huquqlari asosida ushbu suv yo‘lining kelajakdagi boshqaruvi yuzasidan fikr almashdik», — dedi.

Fors ko‘rfazini jahon bozorlariga bog‘lab turuvchi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi dunyodagi eng muhim dengiz yo‘llaridan biri bo‘lib, u orqali xom neft, suyultirilgan tabiiy gaz (LNG) ham - da neft mahsulotlari tashiladi. AQSh va Eron o‘rtasidagi keskinlik davrida blokadalar va xavfsizlik tahdidlari sabab deyarli to‘xtab qolgan bo‘g‘ozdagi qatnov qisman tiklangach, jahon neft bozoridagi bosim ham yumshagan edi. Biroq so‘nggi hujumlar mintaqadagi vaziyatning hanuz o‘ta nozik va beqaror ekanini yana bir bor namoyon etdi.

Eron Tashqi Ishlar vaziri Abbos Aroqchi esa Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan suverenitet va mas'uliyat to‘liq Tehronga tegishli ekanini yana bir bor ta'kidladi.

Shu bilan birga, AQShning Axios internet nashri AQSh va Eron o‘zaro hujumlarni to‘xtatish yuzasidan kelishuvga erishgani hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi inqirozni bartaraf etish maqsadida joriy hafta Doha shahrida muzokara o‘tkazishga rozi bo‘lganini da'vo qildi.