Turkiyaning yetakchi aviatsiya, kosmik va texnologiyalar festivali — TEKNOFEST janubi-sharqdagi Shirnak viloyatida dronlar musobaqasini boshladi. Musobaqa mintaqadagi texnologiyaga qiziqadigan yoshlarni bir joyga jamlamoqda.
Bu yil Shirnakdan qariyb 18 ming nafar yosh musobaqalarda ishtirok etish uchun murojat qildi va viloyat ishtirokchilar soni bo‘yicha mamlakat miqyosida kuchli o‘ntalikdan joy oldi.
TEKNOFEST bu yil musobaqalarga 1,6 million kishi va 730 mingta jamoa ro‘yxatdan o‘tishi bilan ishtirokchilar soni bo‘yicha yangi rekord o‘rnatdi.
Jamoalar jami 54 ta yo‘nalishda bellashmoqda. Musobaqalarning umumiy mukofot jamg‘armasi 75 million turk lirasidan (1,5 million dollar) oshadi, ishtirokchilarga esa 2 million dollardan ortiq moliyaviy yordam ko‘rsatiladi.
Shirnakda texnologik taraqqiyot
Tadbirda TEKNOFEST boshqaruv kengashi va T3 jamg‘armasi raisi Selchuk Bayraktar ham ishtirok etdi. Bayraktar Shirnakning Turkiyada insonsiz havo transportlari texnologiyalarini rivojlantirishdagi roliga e’tibor qaratdi.
Bayraktarning ta’kidlashicha, Turkiyaning ilk insonsiz havo transportlarini yaratish bo‘yicha dastlabki ishlar 2006 - yilda aynan shu viloyatda amalga oshirilgan. Shuningdek, uning aytishicha, Shirnakda so‘nggi yigirma yil ichida mintaqada terrorizmga barham berilgach, texnologik jonlanish kuzatilgan.
“Qariyb 18 ming nafar yoshimiz texnologiya musobaqalarida ishtirok etish uchun murojat qildi va Shirnak murojatlar soni bo‘yicha mamlakatdagi eng yaxshi 10 ta viloyat qatoridan joy oldi. Aholi soniga nisbatan 22 ta yarim finalchi jamoaning yetishib chiqishi katta muvaffaqiyatdir”, - dedi u.
Ushbu musobaqa TEKNOFESTning Turkiyaning janubi - sharqidagi ilk tadbiri hisoblanadi.
TEKNOFEST Janubi - sharqiy hududdagi tadbirlar bilan davom etadi va oktabr oyining boshida Shanliurfa shahrida yakunlanadi.
Tashkilotchilar, shuningdek, shu oyning oxirlarida Turkiyaning shimoli - g‘arbida joylashgan Go‘lchuk kemasozlik zavodida ilg‘or dengiz texnologiyalari namoyish etiladigan TEKNOFEST “Moviy Vatan” dengiz tadbirini o‘tkazishni rejalashtirmoqda.




















