Janubiy Amerikaning Kolumbiya davlatida kecha sodir bo‘lgan 7,4 magnitudali yer silkinishida 132 kishi halok bo‘ldi
Kolumbiya Poytaxtlar uyushmasi (Asocapitales) mamlakatda sodir bo‘lgan 7,4 magnitudali yer silkinishidan keyingi vaziyat yuzasidan bayonot berdi.
Ushbu bayonotga ko‘ra yer silkinishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 132 nafarga yetgan, 700 nafardan ortiq inson esa jarohatlangan.
Milliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra yer silkinishi oqibatida eng ko‘p talafot va moddiy ziyon kuzatilgan Pereira, Kali, Kivdo, Manisales va Armeniya shaharlarida qizil darajadagi xavf ogohlantirishi e’lon qilingan. Xavfsizlik nuqtayi nazaridan mazkur shaharlarda ko‘chaga chiqish taqiqlandi.
Qidiruv - qutqaruv ishlari uzluksiz davom etayotgan shaharlardan eng ko‘p qurbon Pereira shahrida qayd etilgan bo‘lib, u yerda 60 kishi halok bo‘lgan.
OAV xabarlariga ko‘ra 188 kishi bedarak yo‘qolgan deb e’lon qilingan va qurbonlar soni yanada ortishidan xavotir bildirilmoqda.
Mamlakatning uchinchi yirik shahri Kali shahrida yer silkinishi oqibatida ayrim yo‘llar qulab tushgani va 10 ta shifoxona faoliyatini to‘xtatgani ma’lum qilindi. Poytaxt Bogota hamda Medellindan qidiruv - qutqaruv guruhlari yordam berish uchun hududga yuborildi.
Kivdo va Manisales shaharlarida esa yer silkinishi suv, elektr energiyasi, telekommunikatsiya va transport xizmatlarida uzilishlarga sabab bo‘ldi.
Kalida ko‘chaga chiqish taqiqlandi
Kali meri Alejandro Eder OAVga bergan bayonotida xavfsizlikni ta’minlash va talon - toroj holatlarining oldini olish maqsadida ko‘chaga chiqish taqiqlanganini ifoda etdi. Uning ta’kidlashicha, bu qaror favqulodda vaziyat va qutqaruv guruhlarining ishlarini yanada xavfsiz va tez amalga oshirishini ta’minlash uchun qabul qilingan.
AQSh Geologik xizmati (USGS) ma’lum qilishicha Kolumbiyaning g‘arbiy qismidagi San - Xose - del - Palmar shaharchasidan taxminan 5 kilometr sharqda 7,4 magnitudali yer silkinishi sodir bo‘lgan.
Venesuela, Ekvador va Panamada ham sezildi
Yer silkinishi Kolumbiyadan tashqari Venesuela, Ekvador va Panamaning turli hududlarida ham sezildi.
Venesuelada joylashgan Telesur internet nashri xabariga ko‘ra Kolumbiyadagi yer silkinishi oqibatida Venesuelada ayrim binolarning tashqi qismlari qisman qulagan, bir sobor va aeroport ziyon ko‘rgan.
















