Moldova Crocmaz qishlog‘i janubida sodir bo’lgan portlashlar ortidan Rossiyadagi elchisini maslahatlashuvlar uchun chaqirib oldi.
Tashqi ishlar vazirligi dushanba kuni voqeani Moldova Respublikasining "suvereniteti va hududiy yaxlitligining jiddiy buzilishi" deb qoraladi hamda bu hodisa tinch aholi xavfsizligini xavf ostiga qo‘yganini bildirdi.
"Moldova Respublikasi Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushini va uning mamlakatimiz hamda butun mintaqa xavfsizligiga ta'sirini qoralaydi", — dedi vazirlik.
Prezident Maya Sandu ham portlashni qoralab, buni "havo hududimizning buzilishi" deb atadi.
"Bu Rossiya urushining to‘g‘ridan-to‘g‘ri oqibati va u barchamizni xavf ostiga qo‘ymoqda", — deb yozdi u X tarmog‘ida. "Mintaqamizda insonlar hayoti uchun xavf real va ortib bormoqda. Bu to‘xtatilishi kerak."
Portlash uylarga zarar yetkazdi
Davlatga qarashli MoldovaPress agentligining politsiyaga tayanib xabar qilishicha, yakshanba kuni tushdan keyin Ukrainaning Odessa viloyatidan taxminan 69 kilometr masofada joylashgan Crocmaz qishlog‘ida kuchli portlash sodir bo‘lib, uning ortidan o‘simliklar yonib ketgan.
Politsiya ma'lumotiga ko‘ra, uchish qurilmasi o‘rmonli hududda daraxtga urilib, so‘ngra yerdan taxminan 2,5 metr balandlikda portlagan.
Jabrlanganlar yo‘qligi aytilmoqda, biroq portlash qoldiqlari keng maydonga sochilib, bir nechta uyga zarar yetkazgan.
Rossiya tomoni Moldovaning so‘nggi bayonotiga hozircha izoh bermadi.





















