Nyu-York shahri 2026–2027-oʻquv yilidan boshlab bogʻcha yoshidan (2-K) 8-sinfgacha boʻlgan oʻquvchilar uchun generativ sunʼiy intellektdan foydalanishni taqiqladi.
Hokimlikning maʼlum qilishicha, ushbu chora AQSH taʼlim tizimidagi eng keng qamrovli SI cheklovi boʻlib, u 600 mingga yaqin oʻquvchini (13-14 yoshgacha) oʻz ichiga oladi. Shahar meri Zohran Mamdani bolalar rivojlanishi uchun insoniy muloqot va oʻqituvchilar bilan aloqa muhimligini, qiyin masalalarni oʻquvchilar oʻzlari yechishni oʻrganishi kerakligini taʼkidladi.
Taqiq yuzasidan joriy etilgan asosiy qoidalar va istisnolar:
Oʻqituvchilar uchun ruxsat: Pedagoglar xavfsizlik standartlariga javob beradigan SI vositalaridan dars rejalashtirish va maʼmuriy ishlar uchun foydalanishlari mumkin.
Maxsus istisnolar: Nogironligi boʻlgan oʻquvchilar, koʻp tilli bolalar va kompyuter fanlari yoʻnalishidagi maxsus dastur talabalari uchun yordamchi texnologiyalardan foydalanishga ruxsat beriladi.
Yuqori sinflar uchun darslar: Yuqori sinf oʻquvchilari yiliga ikki marta SI savodxonligi (uning xavflari, axloqiy jihatlari va kelajak kasblariga taʼsiri) boʻyicha 45 daqiqalik darslarda qatnashadi. Shuningdek, 50 minggacha yuqori sinf oʻquvchilari oʻqituvchi nazorati ostida 5 ta sinov loyihasida qatnashishi mumkin.
Ekran vaqti cheklovi: 2-sinfdan past boʻlganlar uchun ekran vaqti qatʼiy cheklanadi. 3–5-sinflar uchun kuniga 30 daqiqa, 6–8-sinflar uchun esa 45 daqiqa ekran vaqti tavsiya etildi.
Ota-onalar va oʻqituvchilar SIdan foydalanish bolalarda mantiqiy fikrlashni susaytirishi (tadqiqotchilar buni "kognitiv taslim boʻlish" deb atashadi) hamda ruhiy salomatlikka zarar yetkazishi haqida xavotir bildirgan edilar. Endilikda maxsus tashkil etilgan "Maktablarda texnologiya" koalitsiyasi ushbu yangi siyosatni yil davomida kuzatib va baholab boradi.
Maʼlumot uchun, Nyu-York AQSHdagi eng yirik maktab tizimiga ega boʻlib, unda jami 900 mingga yaqin oʻquvchi tahsil oladi.


















