O‘tgan haftadagi tezkor toshqinlar va loy ko‘chkilar natijasida Xitoy–Nepal chegarasida vafot etganlar soni chorshanba kuni e’lon qilingan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1 130 nafarga yetdi, taxminan 4 500 kishi esa hamon bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.
Nepal Milliy ofat xavfini kamaytirish va boshqarish boshqarmasining ma’lum qilishicha, 26-avgustda Himolay mintaqasida yuz bergan yirik toshqinlardan buyon 1 114 nafar jasad topilgan. Shuningdek, idora 292 kishi jarohat olgani va 3 916 kishi hali ham topilmaganini bildirdi.
Rasmiylar ofat hududlaridan 12 000 nafarga yaqin kishi qutqarilganini, qidiruv-qutqaruv ishlariga armiya va politsiya xodimlarini o‘z ichiga olgan 21 000 dan ortiq huquq-tartibot idoralari xodimlari safarbar etilganini ma’lum qildi. Rasmiy statistikaga ko‘ra, Nepalning o‘zida toshqinlardan taxminan 1,6 million kishi jabr ko‘rgan.
Xitoy tomonida esa chegara hududida kamida 16 kishi halok bo‘lgan, 546 kishi bedarak yo‘qolgan, deya xabar beradi «Xinhua News» agentligi.
Davlat axborot agentligining bildirishicha, Xitoydagi yo‘qolganlar orasida 261 nafar xorijiy fuqaro ham bor.























