Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi Qirgʻiziston Respublikasi poytaxti Bishkek shahrida oʻz ishini boshladi. Unda tashkilotga aʼzo mamlakatlarning davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etmoqda.
Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov “Iris Ordo” kongress markazida ShHT sammiti doirasida oliy darajadagi mehmonlarni birma-bir kutib oldi. Marosim yakunida oliy martabali mehmonlarning anʼanaviy suratga tushish tadbiri boʻlib oʻtdi.
Prezident Sadir Japarov majlisni ochiq deb eʼlon qilar ekan, oʻz nutqida Oʻzbekiston Respublikasini 1-sentabr – Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy muborakbod etdi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu qutlugʻ ayyomda Bishkekda boʻlib turgani uchun alohida minnatdorlik bildirdi.
Qirgʻiziston rahbari ushbu anjuman ShHT tashkil etilganining 25 yilligiga toʻgʻri kelganini taʼkidlab, mamlakatning tashkilotga raisligi “ShHTning 25 yilligi: Barqaror tinchlik, taraqqiyot va farovonlik yoʻlida hamjihatlik” shiori ostida oʻtayotganini qayd etdi.
Sadir Japarov oʻz nutqida tuzilma oʻtgan davr mobaynida chegaraviy xavfsizlik mexanizmidan xalqaro maydonda oʻz soʻziga ega global aktyorga aylanganini eʼtirof etdi. Shuningdek, bugungi kunda ShHTga aʼzo davlatlar dunyo aholisining 40 foizdan ortigʻini hamda global yalpi ichki mahsulotning (Yalpi ichki mahsulot – YaIM) qariyb chorak qismini tashkil etishini alohida koʻrsatib oʻtdi.
Qirgʻiziston Respublikasining raislik falsafasi “Birlik – farovonlik asosi” tamoyiliga tayanishini yodga solgan Japarov, ushbu konsepsiya “Shanxay ruhi”ning tub mohiyatini aks ettirishini bildirdi.
Raislik davrida xavfsizlik, iqtisodiy-transport aloqalari hamda madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 200 ga yaqin tadbir oʻtkazilgani maʼlum qilindi. Bundan tashqari, raqamli rivojlanish va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish tashkilotning amaliy jihatdan ustuvor yoʻnalishlari qatoriga kiritilgani qayd etildi.
Sadir Japarov ShHTning chorak asrlik yubileyi nafaqat oʻtgan davr sarhisobi, balki barqaror tinchlik va umumiy farovonlikka qaratilgan yangi sahifani ochish uchun qulay imkoniyat ekanini taʼkidladi.
Aʼzo davlatlarning hamjihatlikdagi saʼy-harakatlari tashkilot rivojida yangi bosqichni boshlab berishiga ishonch bildirgan Qirgʻiziston rahbari ShHT Davlat va hukumat rahbarlari kengashi majlisini rasman ochiq deb eʼlon qildi.
Ommaviy axborot vositalari uchun yopiq eshiklar ortida davom etayotgan yigʻilish yakunida tashkilotning 25 yillik faoliyatini ramziy maʼnoda aks ettiruvchi oliy darajadagi siyosiy hujjat – “Bishkek deklaratsiyasi” imzolanishi kutilmoqda.
Xalqaro anjumanda Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Masud Pezeshkian, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.
Kengash majlisi yakunlangach, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo’gʻan ishtirok etishi koʻzda tutilgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotining kengaytirilgan tarkibdagi davlat va hukumat rahbarlari sammiti (“ShHT plyus”) oʻz ishini boshlaydi.
Maʼlumot uchun, ShHTga toʻliq aʼzo maqomiga ega boʻlmagan Turkiya Respublikasi 2012-yildan buyon ushbu tashkilotda “muloqot boʻyicha hamkor” maqomiga ega hisoblanadi.



























