SIYOSAT
2 daqiqa o'qish
Xitoy va Misr hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha memoramdum imzoladi
Xitoy va Misr tomonidan imzolangan ushbu yangi bitimlar sanoatni mahalliylashtirish, texnologiyalar transferi hamda investitsiyalarni qamrab oladi.
Xitoy va Misr hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha memoramdum imzoladi
Sining tashrifi — Xitoy prezidentining soʻnggi 10 yil ichida Misrga qilgan ilk tashrifidir. / Reuters

Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi va uning xitoylik hamkasbi Si Szinpin chorshanba kuni Misr hamda Xitoy tashkilotlari o‘rtasida bitimlar va anglashuv memorandumlarining imzolanishi marosimida ishtirok etdilar. Bu haqda Misr Prezidenti devoni ma’lum qildi.

Prezident devonining bayonotiga ko‘ra, ushbu bitim va memorandumlar sanoatni rivojlantirish, investitsiyalar hamda ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan boshqa sohalardagi hamkorlikni qamrab oladi.

Prezident as-Sisi bayonotda: “Har ikki mamlakatda sanoatni mahalliylashtirish va texnologiyalar transferi orqali ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini yangi bosqichga ko‘tarish uchun qat’iy siyosiy iroda mavjud”, — deya ta’kidladi.

U, shuningdek, ikki davlat qayta tiklanadigan energiya, avtomobilsozlik, to‘qimachilik va kimyoviy tolalar ishlab chiqarish sohalarida hamkorlikning yangi davrini boshlayotganini qayd etdi hamda Suvaysh kanali iqtisodiy zonasidagi Xitoy–Misr sanoat hududini kengaytirishning uchinchi bosqichi ishga tushirilishini e’lon qildi.

Mintaqaga yaqin bo‘lgan “Al-Qahera News” davlat nashrining xabar berishicha, har ikki prezident mintaqadagi urushga barham berish uchun keng qamrovli kelishuvga erishish borasidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashlarini yana bir bor tasdiqlaganlar.

Si Szinpin Pekin “Misr bilan munosabatlarni yanada keng ufqlarga olib chiqishga intilishi”ni hamda xitoylik kompaniyalarni ushbu mamlakatga kiritilayotgan sarmoyalar hajmini oshirishga hamda Misr bozorining keng imkoniyatlaridan samarali foydalanishga rag‘batlantirishda davom etishini bildirdi.

“Anadolu” agentligi muxbirining xabar qilishicha, ikki davlat yetakchilari “Al-Ittihodiya” saroyida Si Szinpinni rasmiy kutib olish marosimi yakunlangach, Qohirada muzokaralar o‘tkazdilar.

Tantanali marosimda Misr va Xitoy davlat madhiyalari yangradi hamda oliy martabali mehmon sharafiga to‘plardan tantanaviy o‘q otildi.

Si Szinpinning ushbu tashrifi Xitoy Prezidentining so‘nggi 10 yil ichida Misrga amalga oshirgan ilk tashrifi bo‘ldi.

Misr va Xitoy o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1956-yilda o‘rnatilgan bo‘lib, Misr Xitoy Xalq Respublikasini tan olgan birinchi arab va Afrika davlati hisoblanadi.

Pekin 1956-yildagi Suvaysh inqirozi davrida Qohirani qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, Misr 1971-yilda Xitoyning BMTdagi qonuniy maqomi tiklanishini yoqlab chiqqan edi.

Ikki mamlakat 1999-yilda strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatgan bo‘lib, ushbu hamkorlik 2014-yil dekabr oyida Prezident as-Sisining Pekinga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan edi.