Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan, Isroil xavfsizlikni bahona qilib, "ko‘proq yer" egallashga urinayotganini bildirdi. Shanba kuni Antalya diplomatiya forumida so‘zga chiqqan Fidan: "Isroil o‘z xavfsizligi ortidan quvayotgani yo‘q. Isroil ko‘proq yer izlamoqda. Xavfsizlik Netanyahu hukumati tomonidan ko‘proq hududlarni bosib olish uchun bahona sifatida foydalanilmoqda", dedi.
Hakan Fidan shunday qo‘shimcha qildi: "Isroil xalqaro maydonda o‘z xavfsizligini himoya qilayotganidek taassurot uyg‘otdi, biroq ayniqsa so‘nggi yillarda... buning ortida ancha katta maqsadlar borligi juda ochiq-oydin ko‘rinib qoldi".
U Falastin yerlaridan G‘azo-ga, bosib olingan G‘arbiy Sohilga, Sharqiy Quddusga va endilikda Livan hamda Suriyaga qadar yoyilgan ushbu jarayonni mintaqada "kengayib borayotgan bosqinchilik va ekspansiya" deb atadi.
Fidan: "Bunga chek qo‘yilishi kerak deb o‘ylayman", dedi. "Isroil shuni bilishi kerakki, mintaqada tinch-totuv yashashning yagona yo‘li — boshqa davlatlarning o‘z xavfsizligi, hududiy yaxlitligi va erkinligiga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘yib berish hamda ushbu mamlakatlarga nisbatan kuch ishlatmaslikdir", — deya qo‘shimcha qildi vazir.










