TURKIYA
1 daqiqa o'qish
Turkiyada ilk bor sakkiz tomonlama jigar transplantatsiyasi amalga oshirildi
Turkiya jigar transplantatsiyasi bo‘yicha jahon miqyosidagi markazga aylandi, bunga mamlakat sharqidagi Inonu Universiteti mutaxassislarining tajribasi katta zamin yaratmoqda.
Turkiyada ilk bor sakkiz tomonlama jigar transplantatsiyasi amalga oshirildi
Vazir professor Sezai Yilmaz va uning Inonu universitetidagi jamoasini ushbu muolajani amalga oshirgani bilan tabrikladi. / AA

Turkiyalik shifokorlar jamoasi dunyoda ilk bor sakkiz tomonlama kross (o‘zaro) jigar transplantatsiyasini amalga oshirdi, deb ma’lum qildi mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri seshanba kuni.

Sog‘liqni saqlash vaziri Kemal Memishoglu "X" (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Inönü universiteti professori Sezai Yılmaz va uning jamoasini ushbu murakkab amaliyotni muvaffaqiyatli yakunlagani bilan tabrikladi hamda buni tibbiyot tarixidagi muhim burilish nuqtasi deb atadi.

“Inönü universitetimizning Jigar transplantatsiyasi institutida dunyo miqyosida yana bir birinchilikka erishildi. Doktor Sezai Yilmaz va uning hurmatli jamoasi sakkiz tomonlama o‘zaro jigar transplantatsiyasi amaliyoti bilan o‘z ismlarini tibbiyot tarixiga oltin harflar bilan yozib qo‘ydilar”, dedi Memishoglu.

Vazirning ta’kidlashicha, Turkiya, asosan, mamlakatning Sharqiy Anadoli hududida joylashgan Inönü universitetida yetishib chiqqan olimlar va shifokorlar tufayli jigar transplantatsiyasi bo‘yicha xalqaro miqyosda tan olingan yetakchi markazga aylangan.

Memishogluning ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiyada har yili taxminan 1 800 ta jigar transplantatsiyasi amaliyoti bajariladi va ularning 300 dan ortig‘i aynan ushbu institut hisobiga to‘g‘ri keladi.

U tibbiyot jamoasini yana bir bor tabriklab, ularning sog‘liqni saqlash sohasi va tibbiyot fanini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissalarini yuqori baholadi.