Zelenskiy yakshanba kuni «X» platformasida e’lon qilgan bayonotida Ukraina kuchlari Rossiyaning Tula viloyatidagi Azot kimyo zavodini ham nishonga olganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, mazkur korxona Rossiyaning portlovchi moddalar ishlab chiqarish salohiyati uchun strategik ahamiyatga ega.
Zelenskiy shanba kuni oqshomidan buyon Rossiyadagi oltita aeroportda havo qatnoviga cheklovlar joriy etilgani va 28 ta hududda havo hujumi xavfi e’lon qilinganini qayd etdi. Shuningdek, u Ukraina kuchlari Rossiya nazoratidagi Ukraina hududlarida joylashgan harbiy logistika obyektlariga ham zarbalar berganini iddao qildi.
Prezident Zelenskiy shuningdek: «Ukraina Rossiyaning urushni tugatishni rad etishiga javoban uzoq masofali bosim strategiyasi va o‘rta masofali zarbalar bo‘yicha topshiriqlarni amalga oshirmoqda» - dedi Zelenskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra Kiyev Moskvaga muzokaralar uchun mumkin bo‘lgan barcha formatlarni taklif qilgan ammo lekin Rossiya bunga hujumlarni davom ettirish va ularni kengaytirishga urinish bilan javob qaytargan.
Zelenskiy: «Urushning boshlangan joyiga qaytishi nihoyatda tabiiy hol» - dedi.
Rossiyaga insonsiz havo transporti orqali yirik hujum
Zelenskiy, shuningdek, Rossiyani so‘nggi bir hafta ichida Ukrainaga 1 ming 920 ta hujumkor insonsiz havo transporti, 1 ming 790 ta boshqariladigan aviabomba va turli turdagi 17 ta raketa uchirishda aybladi.
Rossiya rasmiylari esa Yaroslavl viloyatiga qarshi uyushtirilgan kuchli Ukraina insonsiz havo transporti hujumi oqibatida sanoat yoqilg‘i omborlari ziyon ko‘rganini ma’lum qildi.
Viloyat gubernatori Mixail Yevrayev Rossiyaning Max ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Moskvaga yo‘nalgan transport harakati to‘xtatilgani va favqulodda vaziyatlar xodimlari yong‘inni o‘chirish ustida ishlayotganini bildirdi.
Tula viloyati gubernatori Dmitriy Milyayev esa Telegram orqali bergan bayonotida hujumni qaytarish chog‘ida urib tushirilgan Ukraina insonsiz havo transportlarining qoldiqlari Novomoskovsk shahridagi sanoat korxonasi hududiga tushganini ma’lum qildi.
Milyayev favqulodda xizmatlar voqea joyida ish boshlagani va yetkazilgan ziyonning ko‘lami aniqlanayotganini o‘z so‘ziga qo‘shimcha qildi.
So‘nggi oylarda Ukrainaning Rossiya energetika infratuzilmasiga qarshi hujumlari kuchaygan. Zelenskiy iyun oyining boshida Ukraina kuchlari yanvar – may oylarida Rossiyaning 15 ta neftni qayta ishlash zavodiga zarba bergani va may oyiga kelib Rossiyaning birlamchi neftni qayta ishlash quvvatining qariyb 40 foizi faoliyatdan to‘xtaganini iddao qilgan edi.













