DUNYO
3 daqiqa o'qish
Tramp Eronga rejalashtirilgan zarbalarni bekor qildi
Tramp Eronga qarshi rejalashtirilgan hujumlardan voz kechdi va keskinlik kuchayib borayotganiga qaramay, yuqori darajadagi muzokaralar yanada keng qamrovli kelishuvga olib kelishi mumkinligini aytdi.
Tramp Eronga rejalashtirilgan zarbalarni bekor qildi
Fors ko'rfazidagi neft qazib olish platformasida Eron bayrog'i yonida gaz mash'alasi ko'rinmoqda, 2005-yil 25-iyul [ARXIV]. / Reuters

Tramp Eronga qarshi rejalashtirilgan zarbalarni bekor qildi, biroq Xarg orolini egallash niyatida ekanini yashirmadi

AQSh Prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi rejalashtirilgan harbiy zarbalar bekor qilinganini e’lon qildi. Qizig‘i shundaki, ushbu bayonotdan bir necha soat oldin u Eronni yana bombardimon qilish va mamlakatning asosiy neft eksport markazi bo‘lgan Xarg orolini "egallash" istagini bildirgan edi.

“Islom Respublikasi bilan muzokaralar Eron rahbariyatining eng yuqori darajasiga ko‘tarilgani va ma’qullanganidan kelib chiqib, men, Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti sifatida, bugun kechqurun Eronga berilishi mo‘ljallangan zarbalar va bombardimonlarni bekor qildim”, — deb yozdi Tramp payshanba kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, “muzokaralar va ularning yakuniy shartlari” AQSh, Isroil, Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Turkiya, Pokiston, Bahrayn, Quvayt, Iordaniya, Misr va boshqa bir qator davlatlar tomonidan ma’qullangan.

“Dengiz blokadasi to‘liq kuch bilan davom etadi va ushbu bitim yakuniga yetguncha amalda bo‘ladi. Hujjatning imzolanish vaqti va joyi yaqin orada e’lon qilinadi”, — deya qo‘shimcha qildi AQSh rahbari.

Biroq, bundan biroz avvalroq Tramp Eron bo‘ylab yangi zarbalar berishni va mamlakatning hayotiy muhim neft infratuzilmasini qo‘lga kiritishni va’da qilgan edi.

“AQSh bugun tunda Eronga... JUDA QATTIQ ZARBA BERADI”, — deb yozgandi u payshanba kuni Truth Social’da.

“Yaqin kelajakda biz Xarg orolini va boshqa neft infratuzilma ob’ektlarini egallaymiz hamda xuddi Venesuelada qilganimizdek, ularning neft va gaz bozorlarini to‘liq nazorat ostiga olamiz”, — deya qo‘shimcha qilgan edi AQSh Prezidenti.

Tramp Vashington Eronning neft terminallarini aynan qanday usul bilan qo‘lga kiritmoqchi ekanligiga aniqlik kiritmadi, biroq bunday yirik amaliyot muqarrar ravishda AQSh quruqlik qo‘shinlarining jalb etilishini talab qiladi. Ma’lumot uchun, u 28-fevralda boshlangan AQSh-Isroil va Eron urushining ilk kunlarida ham Xarg orolini egallash imkoniyatlarini tilga olgan edi.

Xarg oroli Eron neft eksporti sanoatining yuragi hisoblanadi va xalqaro sanksiyalardan zaiflashgan mamlakat iqtisodiyoti uchun hayot-mamot manbaidir. Orol Fors ko‘rfazining Eron sohillariga yaqin qismida, strategik Hormuz bo‘g‘ozidan yuzlab kilometr shimoli-g‘arbda joylashgan.

Zarbalarga qaramay, AQSh va Eron muzokaralari davom etmoqda

Avvalroq CNN telekanali diplomatik manbaga tayanib, yaqinda sodir bo‘lgan shiddatli zarbalar almashinuviga qaramay, AQSh va Eron o‘rtasida kelishuvga erishish bo‘yicha muzokaralar hamon to‘g‘ri yo‘nalishda ketayotganini xabar qilgandi.

Ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro hujumlar ketma-ket ikkinchi kun davom etdi. Prezident Donald Tramp esa Tehron zudlik bilan tinchlik bitimini qabul qilmasa, Vashington qo‘shimcha zarbalar berishi haqida ogohlantirmoqda.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) bayonotiga ko‘ra, Amerika kuchlari chorshanba oqshomidan payshanba tongigacha Eronning bir nechta harbiy ob’ektiga zarba bergan. Qo‘mondonlik ushbu amaliyotni Hormuz bo‘g‘ozida AQSh vertolyotining urib tushirilishiga javoban, "o‘zini himoya qilish" (self-defense) harakati deb baholadi.

Tramp bundan oldin Eron muzokaralarni ataylab cho‘zayotganini va buning uchun badal to‘lashiga to‘g‘ri kelishini aytgan edi.

Aprel oyida Pokiston vositachiligida erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvidan so‘ng boshlangan muzokaralar 28-fevralda alandagan urushni butunlay tugatish, Hormuz bo‘g‘ozini kemalar qatnovi uchun qayta ochish va Eron yadro dasturi bo‘yicha yakuniy to‘xtamga kelishni maqsad qilgan.

Boshqa tomondan, CNN bilan suhbatda bo‘lgan Eronning yuqori martabali rasmiysi AQSh Eron manfaatlarini hurmat qilmaguncha urush davom etishini va Tehron Vashingtonning har qanday hujumiga munosib javob qaytarishini bildirdi.

“Agar ular hujum qilsa, biz bundan ham kuchliroq va og‘irroq zarba beramiz. Tramp shuni tushunishi kerakki, Islom Respublikasi o‘z mustaqilligi va milliy manfaatlarining daxlsizligidan hech qachon voz kechmaydi. Biz tajovuzkorlarni pushaymon qilamiz”, — dedi Eron rasmiysi Muhammad Moxber.

U o‘z so‘zini yakunlar ekan: “Agar ular Eron manfaatlarini hurmat qilsalar va shunga muvofiq yo‘l tutsalar, urush tugaydi. Aks holda, urush davom etaveradi”, — deya ta’kidladi.