Tomonlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozining qayta ochilishi va o‘t ochishni to‘xtatish muddatini uzaytirishga doir kelishuv imzolanganidan buyon haligacha yuzma - yuz uchrashuv o‘tkazmadi.
AQSh vakillari Stiv Vitkoff bilan Jared Kushner seshanba kuni Qatar poytaxti Dohada Eron bilan sulh hamda Livan kabi mintaqaviy masalalarni muhokama qilish yuzasidan bir qator uchrashuv o‘tkazdi.
Biroq Qatar Tashqi Ishlar vazirligi Matbuot xizmati kotibi Majid al - Ansoriy bu uchrashuvlar qatarlik o‘rtamchilar bilan o‘tkazilganini ta’kidlagan halda AQSh delegatsiyasi mamlakatga Eronga oid muzokaralar olib borish maqsadida kelmaganini ma’lum qildi.
AQSh delegatsiyasi Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tuvchi kemalardan tranzit to‘lovi undirish rejasi tafsilotlari hamda ushbu rejaning Ummon tomonidan ilgari surilgan navigatsiya xizmatlari uchun haq undirish takliflari bilan qanday bog‘liqligini aniqlashtirishni maqsad qilgan.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi nazorat bo‘yicha kelishmovchilik
17 - iyun kuni imzolangan anglashuv memorandumini amalga oshirish bo‘yicha to‘g‘ridan - to‘g‘ri aloqalarning qayta tiklanmayotgani Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi tijoriy neft tankerlarining harakatini nazorat qilish borasidagi qat’iy pozitsiyasi bilan izohlanmoqda.
Bundan tashqari Eronning o‘tgan hafta Isroil, AQSh va Livan hukumatlari o‘rtasida muhokama qilingan Livandagi sulh taklifiga qarshi chiqqani ham taranglikni yanada kuchaytirmoqda.
Dam olish kunlari Ho‘rmuz bo‘g‘ozida tomonlarning o‘zaro o‘q uzishi muzokaralarni xavf ostiga qo‘ydi. Shuningdek, 17 - iyundan boshlab yakunlanishi uchun 60 kun muddat belgilangan yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralar hali boshlangani yo‘q.
Tehronda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Eron Tashqi Ishlar vazirligi Matbuot xizmati kotibi Ismoil Baqoiy Fransiya va Buyuk Britaniya kabi Yevropa davlatlarini Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi minalarni tozalash ishlarida ishtirok etmaslikka chaqirdi. U Eron o‘z mas'uliyatini yaxshi anglashini, tashqi aralashuv esa vaziyatni faqat yana - da murakkablashtirishini ta'kidladi.
Tranzit to‘lovlari muhokama qilinmoqda
G‘arb davlatlari Eronning tijoriy kemalardan tranzit to‘lovi undirish rejasiga qarshi chiqayotgan bo‘lsa, Ummonning ayrim xizmatlar uchun to‘lov joriy etish taklifini muhokama qilishga nisbatan ijobiyroq munosabat bildirmoqda.
Eronning Bosh muzokarachisi Muhammad Bokir Kolibof seshanba kuni davlat televideniyesiga bergan intervyusida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan mustaqillik Eron va Ummonga tegishli ekani, bo‘g‘ozdagi harakat esa Eron belgilagan qoidalarga muvofiq amalga oshirilishini ifoda etdi.
Kolibofning qo‘shimcha qilishicha, anglashuv memorandumiga ko‘ra bepul o‘tish huquqi faqatgina 60 kungacha davom etadi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro dengizchilik tashkiloti (XDT) Ummon yaqinida yangi dengiz yo‘nalishini ochish masalasi bo‘yicha Eron bilan norasmiy muzokaralar olib bormoqda.
O‘tgan hafta ikki kemaga qarshi uyushtirilgan hujumlardan so‘ng XDT Bosh kotibi Arsenio Dominges Eron bilan muzokara o‘tkazish maqsadida ushbu loyiha bo‘yicha ishlarni vaqtincha to‘xtatdi.
Kpler dengiz transportini kuzatuvchi kompaniya ma'lumotlariga ko‘ra dushanba kuni Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan 40 ta kema o‘tgan. Eron bilan AQSh – Isroil o‘rtasida 28 - fevral kuni boshlangan qarama - qarshiliklardan buyon yuzlab kema va qariyb 10 ming nafar dengizchi mintaqada qolib ketgan.









