Venesuelada ketma - ket sodir bo‘lgan ikki kuchli yer silkinishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 1 ming 430 nafarga yetdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ushbu tabiiy ofat mamlakatga 6,7 milliard AQSh dollari miqdorida bevosita moddiy ziyon yetkazganini taxmin qilmoqda.
Milliy Assambleya raisi Xorxe Rodriges shanba kuni e’lon qilgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra yer silkinishlarida 3 ming 238 kishi jarohat olgan.
BMTning Gumanitar yordamni muvofiqlashtirish bo‘yicha vakili Tom Fletcher esa bir kun avval 50 mingdan ortiq kishidan hanuz darak yo‘qligini bildirib, qurbonlar soni yana ortishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Mahalliy hukumatning favqulodda vaziyatga javob choralari jamoatchilik tomonidan tanqid qilinayotgan bir paytda, AQSh qo‘llab - quvvatlayotgan Venesuelaning muvaqqat rahbari Delsi Rodriges mamlakat «yolg‘iz emasligini» ta’kidladi.
AQSh Simon Bolivar xalqaro aeroportidagi uchish - qo‘nish yo‘laklaridan biri qayta ishga tushirilgani va C - 17 harbiy transport samolyotlari aeroportga qo‘na boshlaganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, AQSh harbiy - dengiz kuchlariga qarashli kema ham Venesuela sohillariga yetib kelgani bildirildi.
BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi kamida 17 davlatdan qidiruv - qutqaruv guruhlari tirik qolganlarni izlash uchun hududga yuborilganini ma’lum qildi.
Chorshanba kuni sodir bo‘lgan yer silkinishlarida qulagan ko‘p qavatli uylar vayronalari ostida qidiruv - qutqaruv ishlari davom etmoqda. Hudud aholisi ham o‘z kuchi bilan vayronalarni tozalashga urinmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha tabiiy ofatlardan keyingi dastlabki 72 soat omon qolganlarni qutqarish uchun eng muhim davr hisoblanadi.
Yer silkinishidan eng ko‘p ziyon ko‘rgan Karakas shahrining shimolidagi La Guayra qirg‘oq hududida juma kuni bir chaqaloq vayronalar ostidan tirik holda qutqarildi.
Chaqaloq 7,2 va 7,5 magnitudali yer silkinishlaridan taxminan 32 soat o‘tib mahalliy aholi tomonidan qutqarilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda chaqaloqni bag‘riga bosgan insonning ko‘z yoshlarini tiyolmagani aks etgan.
Moddiy ziyon 6,7 milliard dollar
BMT yer silkinishlari oqibatida yetgan bevosita moddiy ziyon 6,7 milliard AQSh dollarini tashkil etishi, bu esa Venesuela yalpi ichki mahsulotining qariyb 6 foiziga teng ekanini bildirdi.
BMT Taraqqiyot dasturiga ko‘ra dastlabki baholash seysmik modellashtirish, sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va aholi haqidagi ma’lumotlar asosida tayyorlangan.
Hisob - kitoblarga turar joylar va iqtisodiy aktivlarga yetgan ziyon kiritilgan biroq infratuzilma talafotlari, iqtisodiy faoliyatdagi uzilishlar ham - da uzoq muddatli qayta qurish xarajatlari hisobga olinmagan.
BMT Taraqqiyot dasturi yer silkinishlar Venesuelaning shimoliy sohilidagi eng muhim aholi va iqtisodiy markazlarga zarba berganini qayd etdi.
Poytaxt Karakas bilan bir qatorda La Guayra, Karabobo, Miranda, Yarakuy va Aragua shtatlari ham jiddiy ziyon ko‘rgan.
Bevosita moddiy ziyon 4,7 milliarddan 8,7 milliard AQSh dollarigacha bo‘lishi mumkinligi, umumiy iqtisodiy yo‘qotishlar esa bu ko‘rsatkichdan 1,5 – 3 barobar ko‘p bo‘lishi ehtimoli qayd etildi.
Venesuela yer silkinishidan avval ham inqirozda edi
So‘nggi yuz yildan ortiq vaqt ichidagi eng kuchli yer silkinishi neftga boy Venesuelada o‘n yildan buyon davom etayotgan iqtisodiy inqiroz sharoitida yuz berdi.
Iqtisodiy tanazzul tufayli shifoxonalar va davlat xizmatlarining katta qismi izdan chiqqan, millionlab inson mamlakatni tark etgan edi.
Shuningdek, Venesuela Prezident Nikolas Maduroning hokimiyatdan chetlatilishidan olti oy o‘tib, murakkab siyosiy o‘tish davrini boshdan kechirmoqda.
BMT va boshqa gumanitar tashkilotlar yer silkinishidan avval ham mamlakatda millionlab inson oziq - ovqat tanqisligi, sog‘liqni saqlash tizimining inqirozi, xavfsizlik muammolari va asosiy xizmatlardan cheklangan ravishda foydalanishga majbur bo‘lganini bildirdi.
BMTning Xalqaro migratsiya tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra mavjud aholi va ziyon ko‘rsatkichlari asosida 6 million 760 ming nafargacha inson zilziladan jabrlangan bo‘lishi mumkin.
Ularga shoshilinch boshpana, toza ichimlik suvi, sanitariya va gigiyena vositalari, tibbiy xizmatlar, himoya ham - da asosiy gumanitar yordam zarurligi qayd etildi.
Yer silkinishida halok bo‘lganlar orasida 28 nafar Portugaliya, 5 nafar Ispaniya, 2 nafar Braziliya, 7 nafar Xitoy va 1 nafar Chili fuqarosi, shuningdek Italiya – Venesuela ikki fuqaroligiga ega bir kishi ham bor.
Venesuelaning shimoliy qirg‘oqlari Karib va Janubiy Amerika tektonik plitalari chegarasida joylashgan bo‘lsa - da, bu hududda 1997 - yildan buyon bunday yirik yer silkinishi kuzatilmagan.









