Turkiya Buyuk Millat Majlisi (TBMM) raisi Numan Kurtulmush mezbonligida 28–29-iyun kunlari Istanbulda bo‘lib o‘tadigan NATO Parlament raislari sammitida 20 mamlakat parlamenti raisi, shuningdek, ittifoqchi davlatlar vakillari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etadi.
TBMM Matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 7–8-iyul kunlari Anqarada bo‘lib o‘tadigan NATO Davlat va hukumat rahbarlari sammiti arafasida NATOga a’zo davlatlar parlamentlari raislari Istanbulda bir araya keladi.
Sammit ittifoqchi davlatlar o‘rtasida parlamentlar darajasidagi maslahatlashuv va fikr almashish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi. Unda 20 nafar parlament raisi, 3 nafar parlament raisi o‘rinbosari, NATO Parlament Assambleyasi prezidenti Marcos Perestrello, NATO Bosh kotibi o‘rinbosari Radmila Shekerinska, NATO Parlament Assambleyasi Prezidentlik kengashi a’zolari, ittifoqchi davlatlar hamda xalqaro tashkilotlarning yuqori darajadagi vakillari qatnashadi.
Sammit doirasida Albaniya, Buyuk Britaniya, Bolgariya, Chexiya, Daniya, Estoniya, Finlyandiya, Xorvatiya, Niderlandiya, Shvetsiya, Italiya, Shimoliy Makedoniya, Latviya, Litva, Lyuksemburg, Norvegiya, Polsha, Portugaliya va Slovakiya parlamentlari raislari Istanbulda uchrashadi.
NATO Parlament Assambleyasi tomonidan 2024-yildan buyon mezbon davlatlar bilan hamkorlikda tashkil etib kelinayotgan ushbu sammit NATO Liderlar sammiti oldidan parlamentlar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni kuchaytirish uchun muhim platforma hisoblanadi.
NATO Parlament raislari sammitining asosiy yig‘ilishi 29-iyun, dushanba kuni Istanbuldagi Dolmabahche saroyida bo‘lib o‘tadi. Unda parlament raislari va delegatsiyalar rahbarlari nutq so‘zlaydi.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning sammit doirasida tashkil etiladigan rasmiy tushlik marosimida ishtirok etishi hamda qatnashchilarga murojaat qilishi kutilmoqda.





















