Joriy yilda eng ko‘p rossiyalik, germaniyalik va britaniyalik sayyohlarni qabul qilgan Antaliyada iyun oyidan boshlab turistik faollik yana - da oshdi.
Professional Mehmonxona yetakchilari assotsiatsiyasi (POYD) rahbari Hakan Saatchio‘g‘lu Anado‘lu axborot agentligiga bergan intervyusida, may oyi oxiriga qadar Antaliyada 4 million 800 ming mehmon qabul qilinganini ma’lum qildi.
Saatchio‘g‘lu AQSh, Isroil va Eron o‘rtasidagi urush erta bronlash mavsumiga ta’sir qilgani va ko‘plab sayyohlar kutish pozitsiyasini egallaganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra: «Iyun oyining boshidan boshlab bronlashlar yana faollashdi. O‘tgan yildagidek yuqori talabni qayta ko‘ra boshladik. Hozir vaziyat yaxshi ketmoqda va belgilangan maqsadlarga juda yaqinlashamiz degan fikrdaman. Reyting o‘zgarmadi, rossiyaliklar 450 ming kishi bilan birinchi o‘rinda. Ikkinchi o‘rinda nemislar turibdi, bu bozorda 10 foizlik o‘sishga erishdik. Antaliyada 390 ming nafar nemis mehmonni qabul qildik. Uchinchi o‘rinda Buyuk Britaniya, to‘rtinchi o‘rinda esa Polsha turibdi. O‘tgan yili ham tartib shu ko‘rinishda edi».
Saatchio‘g‘lu iyul va avgust oylariga mo‘ljallangan bronlashlar yana - da yaxshi ko‘rsatkichlarni namoyon etayotganini qayd etdi.
Uning aytishicha, turizm sohasi vakillari AQSh – Isroil – Eron mojarosi davrini puxta rejalashtirilgan tarzda boshqarishga muvaffaq bo‘lgan.
«Mehmonxonalarimiz vaziyatga juda tez moslashdi. Shuningdek, Madaniyat va turizm vazirimizdan olingan tavsiyalar asosida erta bronlash muddatlarini uzaytirdik. Hozir buning samarasini ko‘ryapmiz» — dedi u.
Saatchio‘g‘lu Rossiya – Ukraina urushi tufayli avvalgi yillarda Ukraina bozorida jiddiy pasayish kuzatilganini yodga solib, so‘nggi yillarda bu bozorda tiklanish boshlanganini ta’kidladi.
«Ukraina bozorida o‘tgan yili 20 foizlik o‘sish qayd etilgan edi. Undan avvalgi yilda ham 20 foizlik o‘sish kuzatilgan. Bu yil esa yana - da sezilarli o‘sishni kutyapmiz. Boshqa bozorlar ham o‘tgan yilgi darajada rivojlanmoqda» — dedi u.
















