Rossiya Federatsiyasi Davlat rahbari Vladimir Putin Rossiya huquqni muhofaza qilish organlari bilan bog‘liq akademiya talabalarining Kreml saroyidagi bitiruv marosimida ishtirok etdi.
Marosimdagi nutqida Putin NATO Ukrainaga harbiy va moddiy yordam ko‘rsatayotgani ammo bu bilan cheklanib qolmayotganini ifoda etdi. Uning ta’kidlashicha, G‘arb harbiy budjetlarini oshirib, Rossiyaga qarshi urushga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Putin Yevropada teng va bo‘linmas xavfsizlik tizimi ham - da ko‘p qutbli xalqaro munosabatlar tizimini yaratish, barcha davlatlarning xavfsizligini ta’minlash tarafdori ekanliklarini bildirdi.
Shuningdek, u Ukrainada olib borilayotgan maxsus harbiy operatsiya davomida o‘tgan yil ichida dronlar hamda boshqa qurol - yarog‘ va texnikalarning 1000 dan ortiq namunasi jangovar sharoitlarda sinovdan o‘tkazilganini ma’lum qildi.
Marosimdan so‘ng harbiy bitiruvchilar bilan norasmiy suhbatda Putin NATO mamlakatlari Ukrainaga Rossiya hududidagi obyektlarga dronlar orqali hujum uyushtirishga ruxsat berganiga e’tibor qaratdi.
Putin mavzu haqida shunday dedi: «Ular buning oqibatlarini to‘liq anglab yetmayapti. Hozircha ular o‘z hududlaridan hujumlar uchun foydalanishga ruxsat berish darajasiga yetgani yo‘q, chunki bunga javob qaytarilishini tushunishadi va bundan qochishga harakat qilishadi. Biroq ular harbiy ishlab chiqarish korxonalarini o‘z hududlarida joylashtirmoqda».
Putinning so‘zlariga ko‘ra Rossiya armiyasi Ukrainadagi jabhaning barcha yo‘nalishlarida oldinga siljimoqda. U mavzu haqida shuningdek: «Harbiy bo‘lmagan infratuzilmamizga qarshi dron hujumlari jamiyatni izdan chiqarish va Rossiya Qurolli kuchlarining ishonchini susaytirish maqsadida amalga oshirilmoqda. Bu borada butun G‘arb Ukraina uchun ishlamoqda. Ammo biz o‘zimiz istagan nuqtaga albatta erishamiz» - degan ifodalarga o‘rin berdi.


















