SIYOSAT
2 daqiqa o'qish
Tramp: Eron mablag'lari AQShning qat'iy nazorati ostida qoladi
AQSh prezidenti Eron uchun ajratilgan har qanday mablagʻ Amerika nazorati ostida qolishini va faqat Amerika yetkazib beruvchilaridan gumanitar yordam xaridlari uchun ishlatilishini aytdi.
Tramp: Eron mablag'lari AQShning qat'iy nazorati ostida qoladi
Donald Trampning aytishicha, Eron mablag'lari Vashington nazoratidagi eskrou hisoblariga joylashtiriladi va ulardan faqat oziq-ovqat hamda tibbiy buyumlar sotib olishda foydalaniladi. (AA)

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron mablag‘lari ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilishini ma’lum qildi.

AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh Moliya vazirligi tomonidan ajratiladigan har qanday Eron mablag‘lari qat’iy ravishda Amerika nazoratida qolishini hamda faqat AQShdan gumanitar mahsulotlar sotib olish uchun ishlatilishi mumkinligini ta’kidladi.

Tramp seshanba kuni "Truth Social" ijtimoiy tarmog‘idagi xabarida mablag‘lar Vashington nazoratidagi eskrou (depozit) hisobvaraqlarida saqlanishini hamda ulardan foydalanish faqat oziq-ovqat va tibbiy ta’minot sotib olish bilan cheklanishini qayd etdi.

Prezident o‘z bayonotida: "AQSh Moliya vazirligi tomonidan ajratilayotgan mablag‘lar va/yoki sanksiyalar yengillashtirilishi evaziga tushadigan mablag‘lar Vashington nazoratidagi eskrou hisobvarag‘iga o‘tkaziladi hamda faqat AQShdan oziq-ovqat va tibbiy ta’minot sotib olish uchun sarflanadi", – deb yozdi.

U ushbu kelishuv amerikalik dehqonlarga ham foyda keltirishini, xususan, makkajo‘xori, bug‘doy va soya fasoli eksportini oshirish orqali Eronning gumanitar inqirozida zarur bo‘lgan mahsulotlar bilan ta’minlashga yordam berishini qo‘shimcha qildi.

Yadro kelishuvi bilan bog‘liq neft litsenziyasi

Trampning mazkur bayonoti AQSh Moliya vazirligi Vashington va Tehron o‘rtasidagi taranglikni yumshatishga qaratilgan yangi yadroviy ramka doirasida Eron neftini sotishga ruxsat beruvchi vaqtinchalik 60 kunlik litsenziyani taqdim etganidan so‘ng yangradi. Ma’muriyat vakillari har qanday sanksiyalarni yengillashtirish jarayoni ehtiyotkorlik bilan boshqarilishini, aniq shartlarga bog‘liq bo‘lishini hamda gumanitar ehtiyojlar ustuvorlik kasb etishini ta’kidlamoqda.

Hormuz bo‘g‘ozi orqali neft oqimi

Tramp alohida ijtimoiy tarmoqdagi xabarida strategik ahamiyatga ega Hormuz bo‘g‘ozi orqali rekord darajadagi neft oqimi kuzatilganini qayd etib, dushanba kunining o‘zida 19 million barrel neft o‘tganini ma’lum qildi.

U ushbu oqimning oshishi energiya narxlarini pasaytirishga va jahon barqarorligini yaxshilashga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Tramp buni Eron bilan yaqinda olib borilgan diplomatik sa’y-harakatlar natijasidagi muhim taraqqiyot belgisi sifatida baholadi.