Vashington ma’muriyati juma kuni Yaqin Sharqdagi urushning ikkinchi eng keskin frontiga aylangan to‘qnashuvlarni yakunlashni ko‘zlagan Isroil, Livan va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi uch tomonlama doiraviy kelishuv matnini e’lon qildi.
AQSH poytaxtida imzolangan 14 moddadan iborat kelishuvning asosiy bandlari quyidagicha:
Barqaror tinchlik
Kelishuvda Isroil va Livan AQSH ko‘magida “barqaror tinchlik va xavfsizlikka erishish yo‘lidagi umumiy maqsadlarini” yana bir bor tasdiqlagani ta’kidlanadi.
Ikki qo‘shni davlat mojaroni butunlay yakunlash, uning asosiy sabablarini bartaraf etish hamda o‘zaro urush holatiga rasman barham berish niyatini bildirgan.
Tasdiqlangan qurolsizlantirish
Doiraviy kelishuv Isroil va Livan o‘rtasidagi barcha muammolarni hal etishda “ortga qaytmaydigan taraqqiyot” ta’minlanishini nazarda tutadi.
Bu jarayon AQSH vositachiligi va ko‘magida olib boriladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikki tomonlama muzokaralar orqali amalga oshiriladi.
Kelishuvga ko‘ra, Livan Qurolli Kuchlari davlatga bo‘ysunmaydigan qurolli guruhlar tasdiqlangan tartibda qurolsizlantirilgach va ularga tegishli infratuzilmalar tugatilgach, Livan hududining barchasida davlat suverenitetini to‘liq tiklaydi.
Mazkur jarayon Isroil qo‘shinlarining Livan hududidan bosqichma-bosqich chiqib ketishini ham ta’minlaydi.
Kelishuvda ushbu jarayonni amalga oshirish uchun zarur qadamlar hamda tekshiruv mexanizmlari belgilanishi qayd etilgan.
Pilot hududlar
Livan Qurolli Kuchlari Isroil qo‘shinlarining bosqichma-bosqich va tasdiqlangan tarzda chekinishi hamda Livan armiyasining joylashtirilishi uchun asos bo‘ladigan pilot hududlarda xavfsizlik mas’uliyatini bosqichma-bosqich to‘liq o‘z zimmasiga oladi.
Tomonlar dastlab ikki hudud bo‘yicha kelishuvga erishgan bo‘lsa, keyinchalik tashkil etiladigan yangi pilot hududlar o‘zaro kelishuv asosida belgilanadi.
Avvalo Hizbulloh boshchiligidagi davlatga bo‘ysunmaydigan qurolli guruhlarning qurolsizlantirilgani tasdiqlangach, Livan Qurolli Kuchlari mazkur hududlarda xavfsizlik bo‘yicha to‘liq mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi.
Kelishuvda xalqaro hamjamiyat qo‘llab-quvvatlaydigan qayta qurish ishlari boshlanishi va Livan fuqarolari faqat Livan davlat organlari nazoratidagi hududlarga xavfsiz qaytishi mumkinligi qayd etilgan.
AQSH ham ushbu jarayonni nazorat qilish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida ikki davlat bilan yaqin hamkorlik olib borishni rejalashtirmoqda.
Ishchi guruhlar
Livan hukumati kelishuv doirasida mamlakatning butun hududida davlat suverenitetini qayta tiklash majburiyatini yana bir bor tasdiqladi.
Hukumat qurol ishlatish vakolatini faqat davlat qo‘lida jamlashni, davlatga bo‘ysunmaydigan barcha qurolli guruhlarni to‘liq va ishonchli tarzda qurolsizlantirishni hamda ularning Livanning hech bir hududida harbiy yoki xavfsizlik sohasida rol o‘ynamasligini ta’minlashni o‘z zimmasiga olmoqda.
Livan ushbu maqsadlarga erishish uchun AQSH boshchiligidagi xalqaro hamkorlardan, ayniqsa arab davlatlaridan yordam so‘ramoqda.
Kelishuvga ko‘ra, Isroil va Livan keng qamrovli tinchlik va xavfsizlik bitimini tayyorlash maqsadida ishchi guruhlar tuzadi.
Tomonlar, shuningdek, AQSH vositachiligida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot uchun qo‘shimcha aloqa kanallarini zudlik bilan ishga tushiradi.
Hududiy da’vo yo‘qligi
Isroil Livandagi harbiy amaliyotlarini faqat davlatga bo‘ysunmaydigan qurolli guruhlar, xususan Hizbulloh tomonidan yuzaga kelayotgan tahdid va dushmanona harakatlar bilan izohlaydi.
Kelishuvda ushbu tahdid qurolli guruhlarning qurolsizlantirilishi va ikki davlat o‘rtasida kelishiladigan qo‘shimcha xavfsizlik choralaridan so‘ng bartaraf etilishi, natijada Isroilning kelgusida Livanda harbiy faoliyat yuritishi yoki harbiy kuch saqlab turishiga ehtiyoj qolmasligi qayd etilgan.
Isroil hukumati, shuningdek, Livan hududiga nisbatan hech qanday hududiy da’vosi yo‘qligini bildirgan.
Biroq Isroil Livan janubidagi ayrim hududlarni o‘nlab yillardan buyon, ayrimlarini esa 2023–2024-yillardagi urush davridan beri bosib olib turibdi.
So‘nggi harbiy amaliyotlar davomida Isroil qo‘shinlari Livan hududiga 10 kilometrdan ortiq ichkariga kirib borgan.
Livan rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, Isroilning 2026-yil 2-mart kuni boshlagan hujumlari oqibatida 4 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan, 12 mingdan ziyod kishi yaralangan va 1 milliondan ortiq aholi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan.
















