Eron bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari diplomatik muzokaralarning yangi bosqichi boshlanishiga sanoqli kunlar qolganida harbiy jihatdan yana bir - biriga to‘qnash keldi. O‘zaro hujumlar mojaroning 120 - kunida mintaqadagi keskinlikni eng yuqori darajaga olib chiqdi.
AQSh ma'muriyati Ho‘rmuz bo‘g‘ozida yuk kemasiga qarshi uyushtirilgan dron hujumiga javoban Eronga tegishli raketa va insonsiz havo transportlari omborlariga zarba berganini ma'lum qildi. Tehron esa bu harakat yaqinda imzolangan anglashuv memorandumini ochiqchasiga buzganini ta'kidlab, mintaqadagi AQSh harbiy obyektlariga zarba berganini bildirdi.
O‘zaro javob hujumlari
AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Prezident Donald Trampning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi kema hujumi uchun Eronni ayblagan bayonotidan so‘ng harbiy amaliyotni boshladi.
Amerika armiyasi Eronga tegishli qirg‘oq radar stansiyalari ham - da raketa va dronlarni saqlash obyektlariga zarbalar berilganini ma'lum qilib, amaliyot tasvirlarini ham e'lon qildi.
AQSh vitse - prezidenti JD Vens bu boradagi bayonotida Vashington bunday hujumlarga bundan keyin ham xuddi shunday qat'iy javob berishini ta'kidladi.
Hujumlardan so‘ng Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi tezkor ravishda harakatga o‘tdi. Eron davlat OAVlari Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqinidagi Sirik shahri ham - da Keshm oroli atrofi nishonga olinganini tasdiqladi, biroq port infratuzilmasiga hech qanday ziyon yetmaganini bildirdi.
Inqilob qo‘riqchilari AQShning ushbu harakatiga javoban mintaqada Amerika harbiylari joylashtirilgan bazalarga zarba berganini ma'lum qildi. Tehrondagi siyosiy doiralar ham hujumlarni keskin qoraladi.
Eron parlamentining Milliy xavfsizlik va tashqi siyosat komissiyasi raisi Ebrahim Azizi Vashingtonni muzokaralar davom etayotgan bir paytda hujum uyushtirib, diplomatiyaga sodiq emasligini yana bir bor namoyon qilganlikda aybladi.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kuch sinashuvi
So‘nggi inqiroz global energiya tashuvlari uchun eng muhim nuqtalardan biri bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat uchun kurashni yana avj oldirdi.
Tehron ma'muriyati oxirgi imzolangan kelishuv ularga Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tuvchi kemalar ustidan to‘liq nazorat qilish vakolatini berganini iddao qilmoqda. Mintaqa mutaxassislarining fikricha, Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini AQSh bilan olib borayotgan muzokaralarda eng muhim diplomatik vosita va tiyib turuvchi omil sifatida ko‘rmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti esa tomonlarni vazminlikka chaqirib, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi xavfsizligini ta'minlash va imzolangan barcha kelishuvlarga rioya qilishni talab qildi.
Livan chegarasida yangi doiraviy kelishuv
Eron va AQSh o‘rtasidagi keskinlik kuchayib borayotgan bir vaqtda, Vashingtonda Livan va Isroil o‘rtasida diplomatik rivojlanish kuzatildi.
AQSh o‘rtamchiligida o‘tkazilgan muzokaralar natijasida Isroil bilan Livan o‘rtasida mojaro aylanishini tugatishga qaratilgan doiraviy kelishuv imzolandi.
AQSh Davlat departamenti e'lon qilgan matnga ko‘ra Hizbulloh kabi davlatga tegishli bo‘lmagan qurolli guruhlar qurolsizlantirilganidan so‘ng, Isroil armiyasi Livan hududidan bosqichma - bosqich chiqib ketadi.
Biroq Livandagi Hizbulloh bu kelishuv to‘liq Isroil manfaatlariga xizmat qilishini ta'kidlab, hujjatni rad etganini ma'lum qildi.
Kelishuv imzolangan paytda Isroil armiyasining Livan chegarasidagi Markaba shaharchasi yaqinlarini bombardimon qilishda davom etgani esa mintaqadagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha sa'y - harakatlarning naqadar zaif ekanini yana bir bor namoyon etdi.










