TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Turkiya AQShdan reaktiv dvigatellarni sotib oladi
Tramp ma'muriyati Anqaraga o'nlab qiruvchi samolyot dvigatellarini yetkazib berishni o'z ichiga olgan yirik harbiy savdo rejasini amalga oshirishga qaror qildi.
Turkiya AQShdan reaktiv dvigatellarni sotib oladi
Soʻnggi xabarlarga koʻra, AQSh Turkiyaga reaktiv dvigatellar sotish jarayonini ilgari surmoqda. (Foto: ARXIV) / AA

Tramp ma’muriyati Turkiyaga F-110 dvigatellarini sotishga tayyorlanmoqda.

Ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Tramp ma’muriyati Turkiyaga qiymati 750 million dollarni tashkil etuvchi F-110 reaktiv dvigatellarini sotish jarayonini boshlashga qaror qildi. Ma’muriyat Kongressga "General Electric" kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va Turkiyaning ilk milliy jangovar samolyoti — KAAN uchun mo‘ljallangan ushbu dvigatellarni yetkazib berish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Shu bilan birga, rasmiy Vashington Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni "mintaqadagi muhim hamkor" sifatida ta’kidladi.

Ushbu qadam NATO sammiti arafasida Anqara uchun muhim diplomatik ishora hisoblanadi. Kelgusi kunlarda yakunlanishi kutilayotgan mazkur kelishuv bo‘yicha Davlat departamenti tez orada Kongressga rasmiy bildirishnoma yuboradi. Ushbu jarayon qonunchilarga mazkur bitim yuzasidan o‘z fikrlarini bildirish imkonini beradi.

Anonimlik sharti bilan "Anadolu" agentligiga intervyu bergan rasmiy vakilning qayd etishicha, ma’muriyat Kongress bilan doimiy va ochiq muloqotni saqlab kelmoqda. Vakil, shuningdek, AQShning Turkiyadagi elchisi Tom Barrack hamda Mudofaa va Davlat departamenti rasmiylari bu borada qonunchilarga shaxsan ma’lumot berganini ta’kidladi.

Tramp ma’muriyati ushbu qarorni AQSh prezidenti Donald Tramp va prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘rtasidagi yaqin aloqalar fonida izohlamoqda. Chorshanba kuni jurnalistlarning Turkiyaning F-35 dasturi va reaktiv dvigatellarga oid so‘rovi bo‘yicha savoliga javob berar ekan, Donald Tramp Turkiyani "juda xursand qiladigan" qadam tashlashini aytib o‘tgan edi.

Ma’lumot uchun: AQSh 2019-yilda Turkiyaning Rossiyadan S-400 havo mudofaa tizimini sotib olishi ortidan uni F-35 dasturidan chiqarib tashlagan edi. Vashington mazkur tizim jangovar samolyotlar uchun xavf tug‘dirishi va NATO standartlariga mos kelmasligini iddao qilgan. Turkiya esa bu ikki masala o‘rtasida ziddiyat yo‘qligini bir necha bor ta’kidlab, masalani o‘rganish uchun qo‘shma komissiya tuzishni taklif qilgan. Anqaraning pozitsiyasiga ko‘ra, Turkiyaning dasturdan chetlatilishi qoidalarga zid bo‘lib, F-35 samolyotlari nafaqat Turkiyani, balki butun NATO xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp 7–8-iyul kunlari bo‘lib o‘tadigan NATO sammitida ishtirok etish uchun Anqaraga tashrif buyurishi va u yerda prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan muzokaralar o‘tkazishi kutilmoqda.