DUNYO
2 daqiqa o'qish
Yevropada favqulodda ogohlantirish: harorat 40 darajadan oshadi
Fransiya, Ispaniya va Markaziy Yevropaning boshqa mamlakatlarida yaqin kunlarda havo harorati 40 darajadan oshishi kutilayotgani sababli qizil darajadagi ogohlantirish e’lon qilindi.
Yevropada favqulodda ogohlantirish: harorat 40 darajadan oshadi
Parisda issiq havo

Fransiya Meteorologiya xizmati (Meteo-France) mamlakat hududlarining yarmidan ko‘pida eng yuqori darajadagi ob-havo ogohlantirishi amal qilayotganini, yuzlab maktablarni yopish bo‘yicha qaror qabul qilinganini hamda dushanba kuni Bordo shahrida harorat 42 darajaga yetganini ma’lum qildi.

Issiq havo to‘lqini bilan bog‘liq fojiada mamlakat janubidagi Karpantra shahrida ikki va to‘rt yoshli ikki bola oilaviy avtomobil ichida vafot etgan holda topildi. Shuningdek, Germaniya, Italiya, Shveytsariya va Lyuksemburg rasmiylari ham qizil ogohlantirish e’lon qildi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, haroratning keskin ko‘tarilishiga Sahroi Kabirdan shimolga siljiyotgan issiq havo massasi sabab bo‘lmoqda.

Issiq havo to‘lqinlari tobora tez-tez kuzatilmoqda

Olimlar takrorlanayotgan issiq havo to‘lqinlarini global isishning yaqqol belgisi sifatida baholamoqda. Meteo-France ma’lumotlariga ko‘ra, Fransiyada 1947-yildan buyon qayd etilgan 51 ta issiq havo to‘lqinining 34 tasi 2000-yildan keyin, 26 tasi esa 2011-yildan buyon sodir bo‘lgan.

Ispaniya Davlat meteorologiya agentligi (Aemet) me’yorlardan 5–10 daraja yuqori bo‘layotgan va ayrim hududlarda 44 darajaga yetishi kutilayotgan “o‘ta yuqori” haroratlar haqida ogohlantirdi. Basklar mintaqasida qizil ogohlantirish e’lon qilindi. San-Sebastyan shahrida esa harorat 40 darajagacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.

Italiya Milan, Turin, Venetsiya, Bolonya, Florensiya va Rimni ham o‘z ichiga olgan 12 shahar uchun qizil ogohlantirish berdi.

Germaniyada hafta oxiri harorat 38 darajagacha ko‘tarilgan bir paytda cho‘milish vaqtida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalarda 5 kishi halok bo‘ldi.

Buyuk Britaniya Meteorologiya xizmati (Met Office) ayrim hududlarda harorat 38 darajagacha yetishi mumkinligi sababli Angliya va Uelsning ayrim qismlari uchun chorshanba va payshanba kunlariga qizil ogohlantirish e’lon qildi.

Gretsiyaning markaziy qismidagi Akraifnio yaqinida issiq, quruq havo va kuchli shamollar ta’sirida yuzaga kelgan o‘rmon yong‘ini asosiy avtomagistralning vaqtincha yopilishiga sabab bo‘ldi.

Belgiyada IRM meteorologiya instituti kelasi hafta rekord darajadagi issiqlikni prognoz qilmoqda. Temiryo‘l kompaniyasi esa yuqori harorat tufayli dushanba va seshanba kunlari ayrim poyezd qatnovlari bekor qilinganini bildirdi.

Qit’aning ko‘plab hududlarida harorat chorshanba kuni eng yuqori nuqtaga yetishi kutilmoqda. Parijda esa harorat 41 darajaga chiqishi prognoz qilinmoqda.