DUNYO
2 daqiqa o'qish
Shara: Suriyaning Livanga harbiy aralashuv siyosatiga qaytishni istamaymiz
Suriya Prezidenti Ahmad Shara AQSh Prezidenti Donald Trampning Suriyaning Livanga aralashishi mumkinligi haqidagi so‘zlari noto‘g‘ri talqin qilinganini bildirib, “Suriyaning o‘tmishda Livanga qilgan harbiy aralashuv siyosatiga qaytishni istamaymiz”,
Shara: Suriyaning Livanga harbiy aralashuv siyosatiga qaytishni istamaymiz
Suriya Prezidenti Ahmad Shara

Prezident Shara Dubayda joylashgan Al-Mashhad telekanaliga bergan intervyusida Trampning bayonotlari jamoatchilik tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinganini aytdi.

Sharaning ta’kidlashicha, AQSh Prezidenti Livandagi urushdan xavotir bildirgan va Suriya Livan bilan hamkorlikda ijobiy rol o‘ynashi mumkinligini qayd etgan. U Suriyaning yangi tashqi siyosat yondashuvi doirasida Livandagi inqirozni hal etishda faol va konstruktiv rol o‘ynashga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Shara rejim qulaganidan so‘ng mintaqada yangi imkoniyatlar yuzaga kelganini aytib, ayrim livanlik tomonlar hanuz o‘tmish ta’sirida harakat qilayotgani va eski davr tafakkuri bilan fikrlayotganini qayd etdi.

U Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda Livandagi vaziyat bir necha bor muhokama qilinganini bildirib, hozirgi yondashuvlardan farq qiluvchi yangi qarashlarni ilgari surganliklarini aytdi.

Shara: “Livandagi muammo faqat bombardimonlar, vayronagarchilik va majburiy ko‘chishlar bilan hal etilmaydi. Tramp bilan bo‘lgan suhbatlarimizda urush to‘xtashi kerakligini ta’kidladik. Muammoning yechimi faqat harbiy usullar bilan emas, balki iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy qadamlar orqali ham topiladi”, dedi.

Shara Suriyaning Livandagi roli yangi qarama-qarshiliklarni yuzaga keltirish emas, balki yechim izlashdan iborat ekanini ta’kidlab: “Suriyaning o‘tmishda Livanga qilgan harbiy aralashuv siyosatiga qaytishni istamaymiz”, dedi.

“Hizbulloh bilan bir stol atrofida o‘tirishga rozimisiz?” degan savolga javoban Shara shunday dedi:

“Agar bu qadam Livan manfaatlariga xizmat qilsa va ayni paytda Suriyaning manfaatlarini ham ta’minlasa, nega bo‘lmasin? Bizning Hizbulloh bilan chuqur muammolarimiz bor. Biroq bu muammoni hal qilishga urinayotganimizda Livanning buning badalini to‘lab yo‘q bo‘lib ketishini istamaymiz. Biz muammoni hal etishni xohlaymiz, ammo Livan yashashda davom etishini ham istaymiz.”