Turkiya milliy terma jamoasi 2026-yilgi FIFA Jahon chempionati D guruhi doirasidagi ikkinchi uchrashuvda Paragvayga 1:0 hisobida yutqazib, turnir bilan xayrlashdi.
AQShning Kaliforniya shtatidagi Santa-Klara shahrida joylashgan San-Fransisko Bay Area stadionida o‘tkazilgan bahsda Paragvayning yagona goliga uchrashuvning 65-soniyasidayoq Matias Galarza mualliflik qildi. Ushbu gol turnirda hozirgacha urilgan eng tezkor gol bo‘ldi.
Uchrashuvni faol boshlagan Paragvay Turkiya himoyasi joylashib ulgurmagan ilk hujumidayoq hisobda oldinga chiqib oldi. Erta gol o‘tkazib yuborgan oy-yulduzli jamoa to‘pni ko‘proq nazorat qilgan bo‘lsa-da, raqib himoyasini yorib o‘ta olmadi.
Paragvaylik Migel Almiron birinchi bo‘lim oxirlarida Mert Myuldur bilan bahs chog‘ida gapirayotib og‘zini qo‘li bilan yopgani sababli to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka oldi. Video yordamchi hakam (VAR) tekshiruvidan so‘ng chiqarilgan bu qaror FIFA tomonidan kamsituvchi iboralarni yashirishning oldini olish maqsadida joriy etilgan yangi qoidaning Jahon chempionatidagi ilk qo‘llanilishi bo‘lgani bildirildi.
Raqibi 10 kishi bo‘lib qolganidan keyin bosimini kuchaytirgan Turkiya to‘pga qariyb 80 foiz egalik qildi, 32 marta darvoza tomon zarba berdi va 12 ta burchak to‘pi tepdi. Biroq Paragvay himoyasi va darvozabonidan o‘ta olmagan milliy jamoa hisobni tenglashtira olmadi.
Dastlabki o‘yinda Avstraliyaga 2:0 hisobida mag‘lub bo‘lgan Turkiya Paragvayga qarshi ham ochko qo‘lga kirita olmadi va ikki turdan so‘ng nol ochko bilan qoldi. Ushbu natijadan keyin oy-yulduzlilarning D guruhidan chiqib, so‘nggi 32 bosqichiga yo‘l olish imkoniyati qolmadi.
Paragvay esa ilk g‘alabasini qo‘lga kiritib, guruhdan chiqish umidlarini so‘nggi turga olib chiqdi. Turkiya guruhdagi so‘nggi uchrashuvini 25-iyun kuni mezbon AQShga qarshi o‘tkazadi.

























