Turkiya Milliy xavfsizlik kengashi Rejep Tayyip Erdo‘g‘an raisligida bu yil uchinchi marta navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazadi. Beshtepada bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishning eng muhim mavzusi AQSh va Eron o‘rtasidagi kelishuv bo‘ladi.
Urush boshlangan 28 - fevraldan buyon tinchlikka butunlay erishish uchun faol diplomatik sa’y - harakatlar olib borayotgan Anqara, Yaqin Sharqdagi voqealarni diqqat bilan kuzatmoqda.
Yig‘ilishda Vashington va Tehron o‘rtasidagi kelishuvning amalda to‘liq bajarilishi hamda muzokaralar jarayonining muvaffaqiyatli yakunlanishi uchun amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilinadi.
AQSh - Eron kelishuvi yuzasidan provokatsion bayonotlar berayotgan Isroilning Falastin va Livanga qaratilgan hujumlari ham kun tartibidan o‘rin oladi.
Sharqiy O‘rta yer dengizi masalalari ko‘rib chiqiladi
Sharqiy O‘rta yer dengizi va ayniqsa Kiprdagi provokatsion harakatlar ham muhokama qilinadi.
Turkiya, Isroil bilan yaqinlashayotgan Kiprning grek tomoni ma’muriyatining Fransiya bilan harbiy hamkorlik shartnomasini imzolashini «orolga fitna urug‘ini sepishga urinish» sifatida baholamoqda va mintaqadagi vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatmoqda.
Yig‘ilishda Turkiya va Kipr turklarining huquq hamda manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ko‘riladigan choralar ham muhokama qilinadi.
Terrorizmga qarshi kurash va mintaqaviy vaziyat
«Terrorsiz Turkiya» maqsadi ham kengash kun tartibidan o‘rin olgan. Davlatning tegishli idoralari terror tashkilotlarini tugatish jarayonini tezlashtirishga qaratilgan turli usullar ustida ish olib bormoqda.
Mazkur ishlar va joylardagi so‘nggi vaziyat yig‘ilishda baholanadi. Shuningdek, Suriya va Iroqdagi voqealar ham ko‘rib chiqiladi.
Milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Rossiya - Ukraina urushi hamda 7 – 8 iyul kunlari bo‘lib o‘tadigan NATO sammitiga tayyorgarlik masalalarining ham muhokama qilinishi kutilmoqda.












